O‘zbekiston | 22:56 / 15.03.2019
5654
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ilk bor Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi

15 mart kuni Toshkent shahrida birinchi marotaba Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari mintaqada iqtisodiy muhitni yaxshilash bo‘yicha turli yo‘nalishlarda o‘zaro muloqot olib borishdi. Anjumanni ochib bergan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning o‘zida O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 50% dan oshdi va 4,2 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. 

U bojxona, logistika, transport tizimini yanada takomillashtirish, turizm sohasini raqamlashtirish borasida o‘z takliflarini berdi. 

Tadbirda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari J.Kasimbekov 70 million aholiga ega Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati borasida fikr yuritdi. U eng avvalo, inson kapitaliga muhim faktor sifatida qarash juda muhimligini qo‘shimcha qildi. Kasimbekov logistika markazlari va iqtisodiy yo‘laklarning tashkil qilinishi o‘zaro tovar ayirboshlash jarayoniga ijobiy ta'sir qilishini aytdi. 

Qirg‘iziston birinchi vitse-bosh vaziri K.Boronovning ma'lum qilishicha, 2018 yilda Qirg‘iziston va qo‘shni respublikalar bilan tovar ayirboshlash hajmi 1%ga oshdi. O‘zbekiston bilan bu ko‘rsatkich 3%ni tashkil etdi, Tojikiston bilan esa 1.5 barobarga yuqoriladi. Mamlakatning eksport salohiyati yildan yilga o‘sib bormoqda. Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga 6 ming nomdagi mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Beshala davlat bosh vazir o‘rinbosarlari ikki muhim tarmoq – transport-logistika va turizmni yuqori bosqichga olib chiqish mintaqaning iqtisodiy holatini yaxshilovchi faktor bo‘lishini alohida ta'kidlashdi.    

Mavzuga oid