O‘zbekiston | 19:47 / 16.03.2019
12119
3 daqiqa o‘qiladi

Humo Arena muz, sport va konsert rejimlarini qo‘llay oladi – Bosh vazir o‘rinbosari

15 mart kuni ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan, MDHda muqobili yo‘q deya e'tirof etilayotgan Humo Arena muz saroyi O‘zbekistonda nafaqat sport, balki turizm rivojiga ham hissa qo‘shadi. Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Humo Arena haqidagi so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, Humo Arena sport kompleksining qurilishi O‘zbekistonda sport rivojlanishiga katta turtki berish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Aziz Abduhakimov

"12 mingdan ziyod kishini o‘zida sig‘dira oluvchi sport saroyi hududida muz arenasi, mashg‘ulotlar maydoni, bolalar o‘quv-ko‘ngilochar parki, oilaviy dam olish markazlari, amfiteatr, favvorali xiyobonlar, restoran va rekreatsion zonalar, bog‘ va sayr zonasi, zamonaviy parking va boshqa ko‘plab inshootlar bo‘lib, ularni qurishda jumladan jismoniy imkoniyatlari cheklangan kishilar ham inobatga olingan", - deydi u.

Ta'kidlanishicha, obektning asosiy diqqatga sazovor jihati noyob transformer-arena bo‘lib, u o‘zining innovatsion texnologik ishlanmalari tufayli biryo‘la bir necha - muz, sport va konsert rejimlarini qo‘llash imkonini beradi.

"Prezidentimiz mazkur inshootning ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lishiga alohida e'tibor qaratdilar. Kompleks yil bo‘yi xizmat ko‘rsatadi, shuningdek uning bazasida sport jamoalari shakllantiriladi", - deya qo‘shimcha qildi Abduhakimov.

“Humo Arena kompleksining qurilishi O‘zbekistonga nima berishi to‘g‘risidagi savolga bosh vazir o‘rinbosari quyidagicha javob berdi:  

“Birinchidan, O‘zbekiston yoshlarida sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha rag‘bat paydo bo‘ladi, qishki va yozgi sport turlarini rivojlantirish, eng yuqori darajadagi musobaqalarni o‘tkazish uchun zamonaviy maydonlar paydo bo‘ladi.

Ikkinchidan, bunday keng ko‘lamli, ko‘p funksiyali obekt, shubhasiz, O‘zbekiston va, xususan, Toshkent shahrining bezagiga aylanadi, bu esa yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar va mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otadi”.

Bosh vazir o‘rinbosari yaqin orada ushbu majmuada xalqaro musobaqalar va konsert dasturlari o‘tkazilishi hamda bu, shubhasiz, O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimining oshishiga, yurtimizga xorijliklar tashrif buyurishi uchun yana bir sabab bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid