Jamiyat | 23:17 / 19.03.2019
7352
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Koreya forumi: Elektron hukumatni rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar va muammolar

19 mart kuni O‘zbekiston-Koreya forumida ikki mamlakat vakillari o‘rtasida imzolangan memorandumning asosiy yo‘nalishlari, mavjud va rejadagi axborot tizimlari, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihasini amalga oshirish yo‘lidagi muammolar haqidagi ma'lumotlar taqdim etildi. Kun.uz muxbiri Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) qoshidagi "Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi" DUK direktori Ruslan Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mazkur loyihani amalga oshirishda Koreya Respublikasi tajribasiga tayanadi.

"Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) va Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi o‘rtasida o‘zaro ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma tadqiqotlar, korporativ hamkorlikni olib borish va O‘zbekistonda Ma'lumotlar markazini tashkil etishda texnik ko‘mak ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan Anglashuv memorandumi imzolandi", - dedi u va memorandumning asosiy yo‘nalishlarini qayd etdi.

Memorandumning asosiy yo‘nalishlari

1. Koreya Respublikasi tajribasi asosida ma'lumotlarni qayta ishlash davlat markazini tashkil qilish;

2. Koreya bilan hamkorlikda Elektron hukumat bo‘yicha hamkorlik markazini yaratish;

3. Elektron hukumatni rivojlantirish doirasida turli sohalardagi maslahatchilar, mutaxassislarni jalb qilish;

4. Elektron hukumat bo‘yicha bilimlar darajasini oshirish maqsadida koreyalik hamda o‘zbekistonlik mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashinuvi;

5. Davlat-xususiy sektor hamkorligi shartlari asosida xususiy sektorning rolini kuchaytirish va loyihalarni amalga oshirish.

"Koreya Respublikasi davlat rahbarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ushbu masalalarni rahbariyat darajasiga ko‘tarish va bu yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun amaliy asosni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan", - deydi Ruslan Sultonov.

Foto: Ruslan Sultonov

Axborot tizimlari

Ruslan Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda O‘zbekistonda qator axborot tizimlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ular turli davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

·      Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali. 2013 yilda ishga tushirilgan, bugunga kelib 140 dan ortiq davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan;

·      Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi. Tizim 2017 yilda ishga tushirilgan. Bugunga kelib 325 individual korxona va 128 yuridik shaxs ushbu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tgan;

·      Ochiq ma'lumotlar portali. 2015 yilda ishga tushirilgan. Uning asosiy vazifasi - tahlil qilish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida turli ma'lumotlarni to‘plash;

·      Yagona davlat xizmatlari billingi;

·      Idoralararo integratsion platforma;

·      Jismoniy va yuridik shaxslar ma'lumotlar bazasi;

·      Yagona identifikatsiyalar tizimi.

Yuqorida sanab o‘tilgan tizimlar elektron hukumatni rivojlantirish uchun yadro vazifasini o‘taydi.

Elektron hukumat arxitekturasi

Bugunga kelib 12 axborot tizimidan atigi 7 tasi ishlaydi. Shu bilan birga, quyidagi tizimlar ishlab chiqarish bosqichida:

·      nafaqa;

·      sog‘liqni saqlash;

·      ta'lim;

·      adliya 2;

·      davlat boshqaruvi.

Elektron hukumatni tatbiq qilishdagi asosiy muammolar

O‘zbekistonda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yishdagi asosiy muammolardan biri normativ-huquqiy baza. Axborot tizimlari va resurslarini yaratish va integratsiyalash bo‘yicha yagona texnologik yondashuvning yo‘qligi ham to‘siqlardan biri hisoblanadi. Infratuzilmalar bo‘yicha elektron hukumat tizimlari infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan, bu esa davlat xizmatlarini ko‘rsatish va idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda zamonaviy AKT-texnologiyalari keng qo‘llanilishini ta'minlashga ta'sir ko‘rsatadi. Axborot resurslari integratsiyasining talabga javob beradigan darajada emasligi ham sezilarli muammolardandir.

Mazkur muammolarni hal qilish va ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi farmoniga muvofiq, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazining asosiy vazifalari

Markazning asosiy vazifalari quyidagilar: dasturni amalga oshirish bo‘yicha yagona yondashuv mexanizmining strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, kompleks ekspertiza davomida loyihaviy-texnik va normativ hujjatlarni muvofiqlashtirish, ishlanmalar holati bo‘yicha tizimli monitoring o‘tkazish, loyihalarni amalga oshirish, davlat idoralari faoliyatiga AKTni tatbiq qilish samaradorligi bo‘yicha reyting baholarni shakllantirish, elektron hukumatni samarali tatbiq qilish va faoliyat yuritish uchun tahlil o‘tkazish hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash.

Mavzuga oid