O‘zbekiston | 23:33 / 20.03.2019
9473
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida quvvati 900 MVt'li IES quriladi 

Foto: Energetika vazirligi

Surxondaryo viloyatida tabiiy gazda ishlovchi, quvvati 900 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan elektr stansiyasi (IES)ni qurish rejalashtirilmoqda. Kun.uz muxbiri Energetika vazirligidan olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

20 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Turkiyaning «Yildirim Enerji Holding A.Ş»  kompaniyasi bilan «Head Of Terms» («Bitimning asosiy shartlari») hujjati imzolandi.

Bitimni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov va «Yildirim Enerji Holding A.Ş» ijrochi direktori Mustafo Kurnaz imzoladi.

Hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihadan maqsad O‘zbekistonda kombinatsiyalashgan issiqlik elektrstansiyasini qurishdir.

Mazkur uchrashuv «Yildirim Enerji Holding A.Ş» kompaniyasi delegatsiyasining 4-12 mart kunlari amaliy safari davomida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat-xususiy sherikchilik bo‘yicha agentligi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning davomi bo‘ldi. Ushbu muzokaralarda elektroenergiya xaridi bo‘yicha yakunda bitim (RRA) imzolash masalasi muhokama qilingan edi.

Rejaga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida tabiiy gazda ishlovchi, quvvati 900 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan elektrstansiyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

  Ta'kidlash joizki, «Yildirim Enerji Holding A.Ş» kompaniyasi Turkiyada hamda AQSh, Ispaniya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda hamkorlikda 50 ga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Asosiy loyihalar energetika, logistika, tog‘-kon sanoati, foydali qazilmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan. Jumladan, «Yildirim» xrom qazish bo‘yicha dunyodagi yetakchi uchta  kompaniyadan biri sanaladi. Turkiyada esa ushbu kompaniya ko‘mir yonilg‘isida ishlovchi quvvati 2500 MVt bo‘lgan elektrstansiyasini qurish loyihasini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda kompaniyaning Turkiya, Qozog‘iston va Rossiya davlatlarida tog‘-kon sanoati korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. «Yildirim Enerji Holding A.Ş» kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida energetika va kimyo sanoati yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirishni belgilab olgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid