XXII asr futboli. Uni «Barselona» yaratmoqchi
Yigirma yillar muqaddam katta klublar yulduz futbolchilarni jalb qilib, ulardan bor imkoniyatni ishga solishni talab qilishgan va shu orqali sovrinlar yutish haqida o‘ylashgandi. Asrning ikkinchi o‘n yilligidan boshlab esa, faqat tayyor futbolchilarga emas, futbol ilmi, tahlili va texnologiyalariga ham investitsiya kiritish samarali ekani oydinlashib bormoqda.
"Liverpul"da bugungi kunda besh nafar fan doktori faoliyat olib boradi. "Manchester Siti" o‘z stadioni atrofiga shaharcha qurib, u yerda eng zamonaviy mashg‘ulot kompleksini barpo qilmoqda. Ammo bu yo‘nalishda eng oldinga qadam tashlagan jamoa, shubhasiz, "Barselona"dir.
2017 yilda Kataloniyada “Barca Innovation Hub” nomli innovatsion markaz tashkil etildi. BIH - olimlardan tashkil topgan guruh bo‘lib, ular kelajakda "Barselona" futbolchilarining boshqalardan kuchliroq, tezkorroq bo‘lishlari, kamroq jarohat olishlari va maydonda bir-birlarini yaxshi tushunishlari uchun ilmiy ishlar olib borishadi. Bu olimlar o‘z faoliyatlarida mutlaqo erkin bo‘lib, o‘z kashfiyotlarini La Masiyadagi basketbol, futbol, gandbol jamoalarida tarbiya olayotgan bolakaylardan tortib, Leo Messi ustida ham sinovdan o‘tkazish imkoniyatga egalar.
O‘yin tahlilida yangi davr
"Tahlil o‘yinda eng hal qiluvchi omil emas" – degandi Valverde “Financial Times” jurnalisti Saymon Kuper bilan suhbatda. – Futbolda o‘yinni to‘xtatish, taym-aut olish mumkin emas, demak boshqa sport turlaridagi hamkasblarimizga qaraganda, biz o‘yinga ta'sir o‘tkaza olmaymiz. Maydon chetidan turib baqirganlarimni eshitishmaydi ko‘pincha. Futbol – futbolchilarnikidir. 45 daqiqa davomida barcha qarorlarni ularning o‘zlari. qisqa muddatda qabul qilishadi. Buyuk futbolchilar o‘yinni mendan ko‘ra yaxshiroq tahlil qiladilar, his qiladilar, bu aniq".
BIH ning faoliyati Valverdening so‘zlarini inkor qilmaydi, aksincha, aynan shu yo‘nalishdan, ya'ni futbolchilarning o‘yinga ta'siri ko‘proq ekanidan kelib chiqadi. Tabiiyki, futbolchi muhim, chunki aynan ularning harakatlari murabbiylarning eng kuchli rejalarini ham barbod qilishi mumkin. Shu farazlardan kelib chiqib, olimlar o‘yinni yaxshilash yo‘lida nostandart yondashadilar.
O‘n besh yil oldin futbolchilarning maydondagi harakatlarini va kilometrajni aks ettiruvchi xaritalar yoki aniq paslar statistikasi revolyutsion qadam edi. Hozir bunday tahlillar professional bo‘lmagan oddiy jamoalarda ham qo‘llaniladi va endi dronlar, GPSlar bilan futbolchining o‘yindagi yoki mashg‘ulotlardagi harakatlarini baholay olishmoqda. Tahlilchilar bu orqali pozitsiyani to‘g‘ri tanlash va ochiq zonalar tashkil qilish yo‘llarini qidirishadi.
"Barselona"da GPS o‘n yillar oldin ham ishlatilgan ekan, hozir esa, Wimu tizimini sinashmoqda. Bu aqlli datchiklar yordamida nafaqat har bir futbolchining joylashuvi, tezligi yoki tezlanishi, balki yurak urishi, yakkakurashlarda yo‘qotilgan kuch va tezlanishdan keyin qayta o‘ziga kelib olish uchun ketadigan vaqtlargacha o‘rganiladi. BarcaHub hali bundan ham oldinga ketadi.
Masalan, hozirda aksariyat klublar texnologiyalar yordamida futbolchilarning joylashuvini tahlil qilayotgan bo‘lishsa, "Barselona"da allaqachon tananing og‘ishi va futbolchi tomondan tasvirni o‘rganib chiqishmoqda. Tadqiqotchilarning aytishicha, ular juda muhim nuqtani topa olishgan va bu futbol ilmida revolyutsiya bo‘ladi. Ma'lumki, murabbiylar futbolchilarning tana holatini turli o‘yin fazalarida o‘rganib, yaxshilashga intiladilar, bu sistema esa, bu ishni avtomatlashtirishi mumkin.
"Tana og‘ishini o‘rganish – tadqiqotlarning poydevoridir – deydi BIH xodimi Karlos Rodriges. – Hozir biz video orqali har bir kadrni qirqib, futbolchining aniq profilini yaratishimiz mumkin. Bu vazifani kompyuterlashtirish orqali, bir vaqtda barcha futbolchilarning holatlarini tahlil qilish imkoniga ega bo‘lamiz. Bu yangi davrning boshlanishi bo‘ladi. Bu ma'lumotlar bilan aniq tahlillar va prognozlar berish imkoniga ega bo‘lamiz. Besh yil oldin bu haqida gapirishgan, ammo juda tez fursatda bunga yetib kelishimizga hech kim ishonmagandi" .
Karlos Rodriges olib borayotgan tadqiqot maydondagi zonalarni nazorat qilish va jamoaviy o‘yinni kuchaytirishga hizmat qiladi. BIH har bir soniyada maydondagi barcha futbolchilarning, jumladan raqib a'zolarining ham, to‘pga nisbatan tana holatini o‘rganishi va bu asosda statistik hisobotlar tayyorlashi mumkin. Bu esa, futbolchining individual mahorati va belgilangan vazifalardan qat'i nazar, uning maydondagi mos holatini chiqarib beradi.
"Bu ma'lumotlar hozirdan foyda keltirishi mumkinligiga ishonaman. Bu asosda murabbiy va uning yordamchilariga bir qancha maslahatlarim bor. Mashg‘ulotlar paytida futbolchilarning harakatlarini yo‘naltirish ularning qaysi mushak va tomirlariga bosim qilishini o‘rganish mumkin. Bu bilan biz har bir futbolchi uchun alohida, o‘ziga mos bo‘lgan yuklamalarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lamiz" - deydi Rodriges.
Tahlilchilar yangi iqtidorlarni izlab topishni ham osonlashtirishmoqchi. Buning uchun "barsa futboli" DNKsiga ega bo‘lgan eng yaxshi futbolchilar chuqur o‘rganiladi va shu ma'lumotlar asosida nomzodlar izlanadi. Hatto ba'zilar futbolchilarning miyalariga ham "kirib ko‘rish"ni tavsiya qila boshladilar, ammo buning uchun hali erta. Olimlar masalan, Busketsni o‘rganib, uning raqib o‘yinchilarini o‘ziga tortib, bo‘sh zonalar yaratishini yoki Inestaning doim juda qisqa vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qila olishini o‘rganishmoqda. Yoki odatda, o‘yin boshida passiv qolib, raqibning muammolarini kuzatgan holda, keyin undan foydalanadigan Messini tekshirishyapti.
Bunday futbolchilar, bunday qobiliyatlar - unikal, o‘rgatib, ishlab chiqib bo‘lmaydi. Aynan shuning uchun ham, "Barselona" ularni juda chuqur o‘rganishga jiddiy kirishadi. Birinchidan, akademiyadagi bolalarni bu qobiliyatlarga qisman bo‘lsa-da o‘rgatish mumkin, ikkinchidan, transfer bozorida Messi yoki Busketsga o‘xshash futbolchilarni qidirib topish, La Masiyadan bo‘lmasa ham, "Barselona" uslubiga mos bo‘lgan nomzodlarni aniqlash mumkin bo‘ladi.
Tadqiqotlar allaqachon klubga foyda keltirishni boshlagan. Klubdagi manbalardan birining aytishicha, "Barselona"da aynan "Real" bo‘yicha alohida analitik ishlar ekan. U butun mavsum mobaynida faqat "Madrid"ni kuzatadi va har bir Klasikoga "Barselona"ning maksimal ravishda tayyor bo‘lishiga yordam beradi. "Real" ustidan qozoniladigan g‘alabalar klubning moliyaviy tomoniga sezilarli ta'sir qiladi - odatda mana shunday g‘alabadan keyingi haftada klub kamida 4-5 million yevro qo‘shimcha daromad qilar ekan. Agar bunga ishonsak, ushbu mavsumda "Barselona" faqat Klasikolardagi g‘alabalar natijasida kamida 12 million yevro foyda ko‘rgan.
Tiklanish jarayoni va oziqlanish
Futbolchilarning hayoti faqat kuniga ikki soatlik yoki haftasiga bir-ikki o‘yindan iborat emas. Ularni yaxshiroq nazorat qilish uchun, tabiiyki, ularning bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanish, to‘g‘ri yo‘nalishga solish ham katta ahamiyatga ega.
"Barselona"da o‘yinlarga tayyorlanish boshqa klublardan farq qiladi va professor Pako Seyrulning g‘oyalari va psixolog Jyeyms Gibsonning nazariyalariga asosan olib boriladi. Juda ko‘p detallar bor, asosiy tezislar esa qo‘yida:
* maksimal intensiv mashg‘ulotlar - o‘yindan 3-4 kun oldin.
* oddiy jismoniy tayyorgarlik va yugurishning o‘rniga - turli o‘yin holatlarini aks ettirish va taktik-jismoniy jihatdan bo‘lajak o‘yinni tashkil etish. Gibsonning asosiy g‘oyasi ham shu - agar real o‘xshashlik bo‘lmasa, bu eskperimentdan uncha foyda ham bo‘lmaydi.
* futbolchilarni ikki guruhga ajratish. 60 daqiqadan ko‘p o‘ynagan va kam maydonga tushganlarni alohida ajratib, ularga farqli yuklamalar asosida shug‘ullanishlarini ta'minlash.
Eng muhimi, "Barselona" futbolchilarning klub tashqarisidagi hayotini ham boshqarish yo‘lidan boradi. Har bir futbolchi uchun alohida oziqlanish retsepti tuziladi, alohida ichimliklar tayyorlanadi. Futbolchining vazni, yog‘ va kaloriyalar sarf qilinishi, tiklanishdagi o‘ziga xosliklar, hatto mashg‘ulotlar paytidagi terlash darajasigacha hisob-kitob qilinadi. Shaxsiy oshpazlar ham hatto, klub diyetologi bilan maslahatlashgan holda ishlaydilar va ko‘pincha, tayyor oziq-ovqatlar futbolchilarning uylariga yuboriladi. Esingizda bo‘lsa, yaqinda Usmon Dembele belgilangan o‘sha taomlarni yemasdan, yashirin tarzda buyurtma pitssa yeb yurgani ma'lum bo‘lgandi.
Ishonmaysiz, lekin rost, "Barselona" hatto maxsus xalatlar chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi - bu futbolchilarning uyqularini nazorat qilar ekan.
Jarohatlar-chi?
Tibbiyot mushak jarohatlariga u qadar katta e'tibor qaratmaydi, sababi, ma'lum vaqt davomida tiklanish mumkin. Ammo sport uchun vaqt juda muhim omil. Klublar futbolchilar uchun haftasiga millionlab pul sarflaydilar va ularning ikki haftaga bo‘lsa ham, safdan chiqishi - katta zarar.
Innovatsion markaz bu muammo bilan ham jiddiy shug‘ullanmoqda. Bunday tadqiqotlar uchun klubda vrachlar yetishmasligi mumkin, ammo pul bor - kataloniyaliklar 40ta laboratoriya bilan hamkorlikda turli darajadagi jarohatlarni o‘rganib chiqmoqdalar.
"Har bir futbolchi maxsus chip taqib oladi va bu ularning mashg‘ulotlardagi faolligini o‘lchab boradi. Biz bu ma'lumotlar yordamida futbolchidagi charchoqni va haddan ortiq yuklamalarni bilib turamiz. Mushak jarohatlarining kamayishida bu tizim yordam beradi" - deydi jamoa bosh murabbiyi Ernesto Valverde.
"Barselona" Ispaniya chempionatida yaqqol karvonboshi bo‘lib turibdi va taxtini yaqin yillarda bo‘shatmoqchi emas. Olimlar va vrachlar tahlillarga boshqa tomondan qarash, mashg‘ulotlar va tiklanish jarayonlarini rivojlantirish yo‘lidan bormoqdalar. Dasturchilar virtual reallik ustida ishlab antiqa dastur yaratishga yaqin - 2021 yilda sotuvga chiqarilishi mo‘ljallangan bu sistemada har qanday muxlis sevimli futbolchilari bilan mashg‘ulotlarda virtual qatnashishi mumkin.
Aytish mumkinki, "Barselona" sport bilimlaridagi barcha sohalarni qamrab olmoqda va futbolni o‘zgartirmoqchi.
«Suxoy list» blogi ma'lumotlari asosida tayyorlandi
Mavzuga oid
11:50 / 24.11.2024
«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024