O‘zbekiston | 19:40 / 22.03.2019
27762
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-26 mart kunlari Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ladi. Davlat rahbari matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Dasturga muvofiq, Shavkat Mirziyoyev Abu Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon hamda BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashishi kutilmoqda. 

Tashrif davomida ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi. 

Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasi va BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonotni qabul qilish, investitsiyalar, moliya, qayta tiklanadigan energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma'muriyatchiligi, mehnat resurslari, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari “Masdar-siti” texnoparki faoliyati bilan tanishishi, qator sanoat, ijtimoiy va boshqa obektlarga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid