20:12 / 25.03.2019
67382

O‘zbekistonning yagona qishki olimpiada chempioni Lina Cheryazova vafot etdi

Fristayl bo‘yicha olimpiya chempioni Lina Cheryazova uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng, 51 yoshida Novosibirskda vafot etdi. Bu haqda Novosibirsk shahri meriyasining Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi ma'lum qildi.

Lina Anatolevna 1968 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1994 yili Norvegiyaning Lillehammer shahrida o‘tgan qishki Olimpiadada chempionlikka erishgan. Uning bu medali qishki olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan birinchi va yagona oltin medal hisoblanadi. Qolaversa, Lina akrobatikadagi fristayl bo‘yicha birinchi olimpiada chempioni hamdir.

Cheryazova sportda ko‘plab yorqin natijalarga erishdi. 1992-1994 yillar davomida Jahon kubogining 18ta bosqichidan 13tasida g‘alaba qozondi. 1994 yili Olimpiada chempioni bo‘lgach, o‘sha yili - 25 yoshida og‘ir jarohatga yo‘liqdi. O‘shanda u hayoti uchun xavfli darajada boshidan shikastlangan, ammo bu jarohatidan keyin nafaqat sog‘ayib ketgan, balki katta sportga ham qaytgandi. 1998 yili saralashdan o‘tib, Naganodagi qishki Olimpiadada 13-o‘rinni oldi. Shundan so‘ng sportdagi karerasini yakunlab, doimiy yashash uchun onasi tug‘ilgan Novosibirskka ko‘chib o‘tgandi.

Lina Cheryazova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni sohibasi edi. U Rossiya Federatsiyasining Olimpiada chempionlariga beriladigan bir umrlik pensiyasini oluvchi rossiyalik bo‘lmagan yagona sportchi hisoblanardi.

Marhuma 27 mart kuni Kleshixinsk qabristonida dafn etiladi.

Top