O‘zbekiston | 22:43 / 26.03.2019
72806
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng baland binosi O‘zbekiston bayrog‘i "libosi"da namoyon bo‘ldi (foto+video)

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi sharafiga dunyoning eng baland binosi hisoblangan Dubaydagi Burj Al-Xalifa hamda boshqa diqqatga sazovor obektlar O‘zbekiston bayrog‘i ranglariga burkandi. Davlat rahbari matbuot xizmati O‘zbekiston bayrog‘i "libosi"dagi Burj Al-Xalifaning tasviri bilan bo‘lishdi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BAAga rasmiy tashrifi doirasida Dubay shahrida Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi. Ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari “Zaabil” saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘ldi. Dubay amiri o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqqan O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

O‘zbekiston prezidentining BAAga tashrifi doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.

Shunisi diqqatga sazovorki, BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum Tvitterda o‘zbek tilida tvit yozdi.

“Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga davlat tashrifi bilan kelganidan juda ham mamnunmiz. Ushbu tashrif ikki davlatimiz o‘rtasidagi aloqalarda yangi sahifani ochib beradi”, - deyiladi tvitda.

Mavzuga oid