O‘zbekiston | 20:40 / 29.03.2019
48414
5 daqiqa o‘qiladi

Hujjat loyihasi: G‘isht, sement, ohak ishlab chiqaruvchilarga va issiqxonalarga gaz yetkazib berish to‘xtatilishi ko‘zda tutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Normativ-hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Sanoat tarmoqlarida va ijtimoiy sohalarda muqobil yoqilg‘idan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat loyihasida olib borilayotgan ishlarga qaramay, milliy iqtisodiyot energiya sig‘imi yuqorililigicha qolayotgani, sarflanayotgan yoqilg‘i-energetika resurslarini va qayta tiklanuvchi manbalarni sanoat ishlab chiqarishga jalb etish diversifikatsiyalash darajasi jahon tendensiyasiga javob bermasligi va birlamchi yoqilg‘i turlaridan foydalanishda tabiiy gazning ulushi yuqoriligicha qolayotgani qayd etilgan.

«Joylarda g‘isht va sement ishlab chiqarish zavodlari, ohak ishlab chiqarish korxonalari hamda issiqxona xo‘jaliklarini muqobil yoqilg‘i turlariga moslashtirish ishlari yetarlik darajada tashkil etilmagan. Tahlillardan ko‘rinadiki, muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlarning bajarilishida qoloqliklar kuzatilmoqda, jumladan, g‘isht ishlab chiqaruvchi zavodlarning 33 foizi, ohak ishlab chiqarish korxonalarining 0,5 foizi ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan xolos. O‘z navbatida hisob-kitoblar, g‘isht ishlab chiqarish zavodlarini tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi 1520,0 mln.kub m, ohak ishlab chiqarish korxonalari esa 668 mln.kub m tabiiy gaz tejalishini ko‘rsatmoqda», deyiladi hujjat loyihasida.

Vazirlar Mahkamasi qaror ushbu hujjatni qayta ishlab chiqarilmaydigan uglevodorod resurslaridan va muqobil yoqilg‘i turlaridan unumli va samarali foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishni kengaytirish, shu yo‘nalishda iqtisodiyot tarmoqlari va aholi tomonidan barqaror energiya sarfi tizimini tuzish, iqtisodiy rivojlangan davlatlar tajribasiga asoslangan xolda, iqtisodiyot energiya sig‘imi kamaytirish, hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida qabul qilgan.

Energiya sarfini qisqartirish sohasida ustuvor yo‘nalishlar deb quyidagilar belgilangan:

  • iqtisodiyot tarmoqlarida tabiiy gazning qozon va o‘choq yoqilg‘i turi sifatida foydalanishida ulushini qisqartirish;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan va yangi tuzilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, eneregiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalar bilan yangilash hisobiga ishlab chiqarilayotgan mahsulot energiya sig‘imini kamaytirish;
  • qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar va issiqxona xo‘jaliklarining qozon uskunalarini tabiiy gazdan boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan (ko‘mir, ko‘mir va yog‘och briketlari va palletlar, biogaz va boshqalar) foydalanishga o‘tkazish;
  • quyosh va shamol energiyasidan, biogaz, tuproq energiyasi va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, ularni ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyalar va uskunalardan keng foydalanish (quyosh va geotermal energiya, shamol energetikasi va bioenergetika qurilmalari, issiqlik nasoslari va boshqalar);
  • muqobil yoqilg‘ida ishlaydigan zamonaviy turdagi energiyatejamkor uskuna turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish.

G‘isht va sement zavodlarini, ohak tayyorlash qurilmalarini, tashkilotlar qozonxonalarini va issiqxona xo‘jaliklarini muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tuziladi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov boshchiligidagi komissiya yuqorida keltirilgan turdagi obektlar 2019 yil 1 iyuniga qadar muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazilishi yuzasidan inventarizatsiyadan o‘tkazilishi va ro‘yxatini tuzilishini, tashkilotlar obektlarni muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishga o‘tkazish va 2019 yil oxirigacha amalga oshirilishini ta'minlovchi tarmoq jadvallari tuzilishini, 2019 yil 1 iyuniga qadar energiya samarasiz va energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan qozonxona uskunalari ro‘yxatini tuzish va tasdiqlashni hamda 2019 yil oxirigacha ularni eksplutatsiyadan chiqarish va ushbu ro‘yxatdagi uskunalarni ishlatayotgan tashkilotlarga tabiiy gaz ta'minotini to‘xtatish choralari ko‘rilishini ta'minlaydi.

Agar mazkur hujjat kuchga kirsa, «O‘zneftgazinspeksiya», «O‘zenergoinspeksiya», «O‘ztransgaz» AJ 2020 yil 1 yanvardan boshlab obe'ktlarni muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni bajarmagan tashkilotlarga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatadi.

Korxonalarga 2019 yil 1 fevraldan «O‘ztransgaz» AJ taqdim qiladigan tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar, yangi qurilayotgan va faoliyat ko‘rsatayotgan obektlar uchun, «O‘zneftgazinspeksiya»ning energiyatejamkor uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlanganligi bo‘yicha ijobiy xulosasi asosida beradi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida Prezident «O‘zbekko‘mir»ni Rossiyaning xususiy kompaniyasi boshqaruviga topshirish haqidagi qarorini imzolagandi.

Mavzuga oid