Jahon | 19:54 / 01.04.2019
5798
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti Instagram’da o‘z sahifasini yurita boshladi

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Instagram ijtimoiy tarmog‘ida o‘z sahifasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Toqayevning matbuot kotibi Berik Kurmangali Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilgan.

Toqayev Instagram’dagi ilk postida yaqinda “hududlar akimlarini (rahbarlarini) fuqarolarning so‘rovlariga tezkorlik bilan javob berishga va aholi bilan teskari aloqani yo‘lga qo‘yish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishga chaqirganini” eslatib o‘tgan. “Bilasizki, men bir necha yildan beri Twitter’dan faol foydalanaman va unda mamlakatimiz uchun muhim hodisalar haqida o‘z fikrlarim bilan bo‘lishaman. Bu amaliyotni Instagram tarmog‘ida ham davom ettirishga qaror qildim”, deb ta'kidlab o‘tgan Toqayev o‘zining ilk postida.

Kurmangalining ta'kidlashicha, @tokayev_online akkaunti Qozog‘iston prezidentining yagona rasmiy sahifasi bo‘lib, “Instagram’da Qozog‘iston prezidenti nomidan ochilgan boshqa barcha sahifalar feyk (soxta) sahifalar hisoblanadi”. “Rasmiy akkaunt @tokayev_online’ga obuna bo‘lishga chaqiraman”, deb yozgan Kurmangali.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid