Bloomberg agentligi 2 aprel kuni dunyodagi 500 nafar milliarder reytingini e'lon qildi. Quyida ularning top-10ligi keltiriladi.
Reytingda Amazon internet-do‘koni asoschisi va egasi Jyeff Bezos yetakchilik qilyapti. Uning boyligi 150 milliard dollarni tashkil etadi. Yil boshidan beri bu ko‘rsatkich 22 milliardga oshdi.

Reytingning ikkinchi qatoridan Microsoft rahbari Bill Geyts joy oldi. Uning boyligi 100 milliard dollardan ortiqqa teng.

Fransiyalik biznesmen, Louis Vuitton Moet Hennessy kompaniyalar guruhi prezidenti Bernar Arno 89 milliard dollardan ziyodroq kapital bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Amerikalik tadbirkor, dunyodagi eng yirik va eng taniqli investorlardan biri Uorren Baffet 84,4 milliard dollar bilan 4-pog‘onani band etdi. Undan keyingi o‘rinlardan Facebook asoschilaridan biri Mark Tsukerberg (66,4 milliard dollar) hamda tadbirkor, Inditex asoschisi va sobiq prezidenti Amancio Ortega (66,2 milliard dollar) joy oldi.



Amerikalik tadbirkor, Oracle korporatsiyasi hamasoschisi, direktorlar kengashi raisi Larri Ellison 58,4 milliard dollar bilan reytingda 7-o‘rinni egalladi.


















