Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ko‘rinmas qalpoqchali hokimiyat vakili». O‘rikzor bozoridagi voqeadan keyingi hangomalar

Joriy yilning 26 mart kuni Bosh vazir tomonidan Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi. Davlat budjetiga tushumlar masalasida qoloqlikka yo‘l qo‘yilganligi uchun Mirobod, Uchtepa tumanlari hokimlari va davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari qattiq ogohlantirildi.
Shundan so‘ng, o‘tgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahridagi «O‘rikzor» bozori hududida soliq inspektorlari xaridorlarni to‘xtatib chek so‘rayotgani, chek bo‘lmagan holda bozor hududidan chiqarmasdan ushlab turgani haqidagi video tarqaldi.
Keyinroq Soliq qo‘mitasi vakili, qo‘mitadagi boshqarma boshlig‘i To‘rabek To‘rayev matbuot anjumani chog‘ida bu vaziyatda «soliq inspektorlari» nohaq bo‘lmaganini ma'lum qildi. Ko‘p o‘tmasdan Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida ushbu videodagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirgan shaxs qo‘mita xodimi emasligi, Uchtepa tumani hokimligi vakili ekanini ma'lum qilindi.
Voqea yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rganish va ikki tomondan ham izoh olish maqsadida yo‘lga tushdik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«O‘rikzor» bozori hududida videoning asosiy qahramoni bo‘lgan tadbirkorni topish qiyin bo‘lmadi. U hech ikkilanmay intervyu berishga rozi bo‘ldi.
«2019 yil 27 mart kuni soat taxminan 11:00 atrofida mijozlar tashqaridan chek so‘rayapti deyishdi. Borib chekni so‘rash kimning qarori bilan bo‘layotganiga qiziqdim. Bu qanaqa tekshiruvligi haqida 10 martacha savol berdim. Shu savolga javob berishmadi. O‘zlarini ham tanishtirmadi. Kimligini so‘rashim bu mening huquqim. Kimligini bilishim kerak-ku? Biror idoraning xodimimi yoki ko‘chadagi bezorimi? Bunga oydinlik kiritish uchun undan so‘radim. Kimning qarori bo‘yicha? Familiyang nima deb so‘rash kerak-ku bunday vaqtda. U esa mendan hujjat so‘radi. Yig‘ilganlarning barchasi tadbirkorlar edi. Ularni men yig‘maganman. Xohlasangiz bozor ma'muriyatining videoyozuvlarini ko‘rishingiz mumkin. U yerdagi odamlar o‘zlari yig‘ilishdi. Men u kishiga savol berdim. Men unga o‘zimni tanishtirdim, hujjatlarimni ko‘rsatdim. U o‘zini tanishtirmadi ham, hujjatini ham ko‘rsatmadi. Eshiklarning oldida turib mijozlardan so‘rasa, ertaga ular faoliyatimni noqonuniy deb o‘ylab mendan mahsulot olmay qo‘yadi. Undan ko‘ra, kirib o‘zimdan so‘rasin. Hujjatlarim hammasi to‘liq, 5 yildan beri faoliyatimni yurgizyapman. Bir oyda 15 marta davlat soliq idorasidan keladi. Hujjatlarimizni ko‘rsatamiz. Kamchilik bo‘lsa, darrov jarima belgilaydi. Bunaqa so‘rayversa, nafaqat menga butun bozorga kelmay qo‘yadi-ku? Soliqlar, ijara puli, kommunal to‘lovlarni to‘lashim kerak. Bola-chaqam bor, ularni boqishim kerak. Undan tashqari, soliq qo‘mitasi kunlik inkassatsiya qilasan degan. Bu rasman aytilmagan. Undan tashqari, mijoz kelsa o‘zimga ham davlatga ham foyda-ku? Pul tushumlaridan soliq to‘layman», deydi tadbirkor.

Endi videodagi ikkinchi tomon, soliq qo‘mitasi ma'lumotida keltirilgan hokimiyat vakilini topishimiz kerak edi. Uchtepa tuman hokimiyatiga bordik. Hokimiyat vakillari bu shaxsni tuman soliq inspeksiyasidan topishimiz mumkinligini aytishdi.
Soliq inspeksiyasiga borgan vaqtimizda bu yerda shtab tuzilgani, hokimiyat vakillari ham, prokurorlar ham shu yerdaligini aytishdi. Uchtepa tuman hokimiyati iqtisodiy bo‘limi xodimi Murodjon Egamberdiyev ham shu yerda ekan. Uning yig‘ilishdan chiqishini kutdik. Ammo, yig‘ilish tugagach ham uni topolmadik, u xuddi ko‘rinmas qalpoqcha kiyib olgandek g‘oyib bo‘ldi.
Soliq inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Ro‘ziyevdan izoh so‘radik.

«Joriy yilning mart oyi uchun budjet ko‘rsatkichlari bo‘yicha rejamiz bor. O‘sha rejani bajarish uchun butun tumandagi iqtisodiy kompleks bu ishga jalb etilgan. Shu jumladan, hokimiyat iqtisodiy bo‘limi ham. Asosiy manba bozorlardagi tadbirkorlik sub'yektlaridir. Yuridik va jismoniy shaxslar. Naqd pul tushumi ham shu bozorlardan bo‘ladi. Bizning tumanda «O‘rikzor» bozoridan bo‘ladi. Kimdir kam topshiradi, kimdir qisman topshiradi. Monitoring vaqtlarida bunga guvoh bo‘lganmiz. Shuning uchun, iqtisodiy kompleks, ya'ni bank, moliya, soliq, hokimiyat iqtisodiy bo‘limi hamkorlikda bozorlarda tadbirlar amalga oshirildi. Bu tekshiruvmas, monitoring emas. Tekshiruv tadbiri alohida buyruq asosida bo‘ladi. Natijasiga qarab ta'sir chorasi qo‘llanadi. O‘sha kungi bozordagi holatda hech qanday monitoring ham bo‘lmagan. Iqtisodiy kompleks xodimlari naqd pul tushumini topshirish doirasida ishlar amalga oshirilgan. Vaqti kelganda xronometraj o‘tkazganimizda to‘liq pul topshirish bo‘lmagan. Chekni tekshirishdan maqsad shuki, tadbirkor ham mas'uliyatni ozroq his qilsin.
Kassa apparatini o‘rnatib qo‘yish to‘liq qonuniy ishlayapti, degani emas. Tovar aylanmasidan pul to‘lanishi lozim. Qanchalik pulni kam kirim qilsa, soliq shuncha kam to‘lanadi. Bu tadbirda moddiy yoki boshqacha ta'sir chorasi qo‘llanmaydi. Faqat tadbirkorga tushuntiriladi. O‘sha holatda iqtisodiy kompleks xodimlari jalb qilingan. Tushuntirish ishlari olib borilgan. Tadbirkorlar tomonidan ozroq tushunmovchiliklar bo‘lgan», deydi u.
Qiziq holat. O‘zining haqligiga qat'iy ishonchi bo‘lgani sababli tadbirkor muxbir bilan suhbatlashishdan qochmadi. Ammo, hokimiyat vakili o‘zining nohaq emasligini isbotlash o‘rniga, «ko‘rinmas odam»ga aylandi qoldi.
Bu turdagi tekshir-tekshirlar, tadbirkor qolib mijozlarni so‘roq qilish tarixiy tajribalarda doimo salbiy oqibatlarga olib kelishi ko‘plab misollarda mavjud. Balkim, ma'lum bir tadbirkorlar soliq va tushumlarda vijdonsizlik bilan ish tutar. Lekin, vijdonli soliq to‘lovchilar faoliyatiga aralashish bozor munosabatlariga nomuvofiq harakat emasmi?
Bahodir Ahmedov
Tavsiya etamiz
“Rossiya urushga chuqur kirib ketdi, undan chiqishi imkonsiz” - siyosatshunos
Jahon | 18:20 / 28.07.2025
Ukrainada siyosiy inqiroz. Nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?
Jahon | 17:56 / 27.07.2025
Davlat oliygohlari uchun kvotalar tasdiqlandi
O‘zbekiston | 23:49 / 25.07.2025
O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi? – muhim savollarga javoblar
O‘zbekiston | 23:34 / 25.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
OAV: O‘zbekistonga 2017-2024 yillarda 188 mlrd dollar investitsiya kiritildi
Iqtisodiyot | 07:51
-
Peskov: Kiyev bilan munosabatlar - Moskva «vazifalari» bajarilganidan keyin
Jahon | 07:44
-
Ekspert: Rossiya harbiy xarajatlari SSSR darajasiga yaqinlashdi
Jahon | 07:37
-
Elektromobillardan foydalanishni ommalashtirish to‘g‘risidagi qarorga qo‘shimcha kiritiladi
Avto | 07:27
Mavzuga oid

11:29 / 26.07.2025
Bosh reja o‘zgartirilishi mumkin, faqat tadbirkorning g‘oyasi bilan emas – Qurilish vazirligi

07:38 / 18.07.2025
Yoshlar startaplari uchun mablag‘ ajratiladi

11:57 / 15.07.2025
“Mehnatlarim havoga uchyapti” - To‘raqo‘rg‘onda bog‘ yaratgan tadbirkorning yeri olib qo‘yilyapti

18:37 / 12.07.2025