21:49 / 04.04.2019
16003

PFL klublardan chipta narxini oshirib, muxlislarni quyosh tagiga «haydash»ni talab qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi bosh direktori o‘rinbosari D.Xaitmetov tomonidan imzolangan va Superliga klublariga jo‘natilgan xat tarqalib ketdi.

Unda klublar tomonidan muxlislarni stadionga jalb qilish ishlari sust olib borilayotgani va bu kamchilikni bartaraf qilish uchun bajarish lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, shuningdek, bu talabni bajarmagan klublarga nisbatan jarima miqdorlari haqida ma'lumot bor.

Xususan, xatda ayrim klublar tomonidan stadionlarga muxlislar tashrifini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirilmayotgani, futbol klublari tomonidan joylardagi Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va mahallalar bilan yetarlicha aloqalar o‘rnatilmagani aytilgan.

Shuningdek, o‘yinni Sport telekanali orqali namoyish etilishida VIP sektorga qarama-qarshi tomonda joylashgan sektorlarning 70 foizini to‘lishini ta'minlash, buning uchun (diqqat!) VIP sektorga tutash bo‘lgan sektorlar uchun chiqarilgan chiptalar narxini 50 ming so‘mdan kam qilmaslik talabi qo‘yilgan.

Bundan tashqari, klublardan muxlislarni birinchi navbatda VIP sektorlarga qarama-qarshi bo‘lgan sektorga kirishini ta'minlash so‘ralgan.

Futbol klubi bu talablarni bajarmasa, birinchi safar 15 million so‘m, ikkinchi safar 30 million so‘m, uchinchi safar 50 million so‘m jarimaga tortilishi bilan ogohlantirilgan.

Xatni o‘zimizning oddiy tilga o‘girib, bundan quyidagicha mazmun chiqardim:

1. Klublar Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari, mahalla aholisi bilan stadionlarni to‘ldirish ishlarini sust olib borishmoqda. Ularning futbolga qiziqishi yoki qiziqmasligi, vaqti bor yoki yo‘qligi, erkinligi va ixtiyori ikkinchi darajali masala. Muhimi – stadion to‘lishi kerak.

 2. Klublar VIP sektorga qarama-qarshi bo‘lgan sektorlarni muxlislar bilan to‘ldirmayapti. Natijada, Sport telekanali kameralari qaragan sektorlar bo‘m-bo‘sh turibdi va stadionda muxlis kamdek ko‘rinmoqda. Bu esa futbolni TV orqali namoyish qilish jozibasini pasaytiryapti. Axir, o‘yin kunduz kuni o‘tkazilsa, VIP sektorga qarama-qarshi bo‘lgan tomonda quyoshda jizg‘anak bo‘lish mumkin-ku, dersiz? Buning ahamiyati yo‘q, muhimi TV translatsiyasi jozibali bo‘lishi kerak. Muxlislarni qarama-qarshi sektorlarga quvish kerak. Bunga majburlash uchun VIP sektorlar yonidagi o‘rindiklar chiptasi narxini 50 ming so‘m qilib belgilash kerak.

3. Biz bunday qilolmaymiz, muxlislar norozi bo‘lishi mumkin. Ularning orasida qariyalar, ayollar, yosh-bolalar bor. Quyoshda jizg‘anak bo‘lib, tobi qochib qolishi mumkin. Bundan tashqari, chipta narxini 50 ming so‘m qilish insofdan emas. Axir bu milliy jamoa o‘yini emas yoki OChL bellashuvi emasku, deysizmi? Agar birinchi marta shunday desangiz – 15 million so‘m jarima. Yana bir marta aytsangiz – 30 million so‘m jarima. Mabodo uchinchi marta ham shunday desangiz – 50 million so‘m jarimaga tortilasiz.

Menimcha shunday.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid
Top