Sport | 23:48 / 05.04.2019
41266
8 daqiqa o‘qiladi

Sharhlovchilik yoki «Paxtakor»-«Nasaf» o‘yinidagi og‘ir holatlar haqida

Ro‘ziqul Berdiyevning matbuot anjumanida aytgan gaplari barchaga birdek ta'sir qildi. Chindan ham, yosh avlodni yig‘latib qayoqqacha bormoqchimiz? Bu yig‘ilar qayerdadir ushlab qolishi, asorati boshqa yerda, kattaroq turnirlarda sezilishini nahotki achchiq tajribamizdan bilmasak, nahotki unutgan bo‘lsak? Axir, hammamizdan yuqorida turgan Hakamning barchadan-da adolatli hukmidan chetlab o‘tishga choramiz yo‘q-ku. Ha, mana shunisi og‘riqli masala. Shunisi yomon.

Mayli, keling, hozir men sharhlovchilik qismati haqida gapirib beray sizga.

«Suyunchi» filmida muallif antiqa yondoshuvlari bilan meni hayratga solgan. Ayniqsa, Anzirat hola ko‘prik qurdirgan va rais odamlardan xoli joyda: «Yaxshi qilibsiz-u, lekin biz bilan bir maslahatlashsangiz bo‘lardi», deb mutaxassislarning aralashuvini o‘rtaga qo‘ygani va unga bosh qahramonning: «Shunaqa qilmasam, yotaverardi-da», mazmunidagi javobi ikki tomonning-da pozitsiyasi to‘g‘riligini ko‘rsatadi. Rostdan ham ikkisi bir-biriga qarshi gapirayapti-yu, lekin o‘zlarining tarafidan to‘g‘ri yondashishyapti.

Sharhlovchilik sohasini o‘sha Anzirat holaning roliga o‘xshataman. Sharhlovchi rosmana mutaxassis emas — futbolchi bo‘lmagan, murabbiy darajasida futbolni tushunmas, ammo sharh davomida gapirmasa, o‘yin davomida futbolchilarning xatti-harakatini o‘zi bilganicha tahlil qilib bormasa, bo‘lmaydi. Muammoni yechish uchun uni vaqtida aytish kerak ko‘pincha.

Sharhlovchilik sohasining yanada qiziq tomoni shuki, futbolchilarning o‘yiniga baho berish, murabbiylarning taktikalarini bemalol tahlil qilish bilan birga futbolchilarga hakam bo‘lib turganlarning ustidan-da hakamlik qila oladi. Zo‘r-a?! Bir hakam menga: «Futbolchilarning qismati bizning qarorimizga, bizning faoliyatimiz esa, ko‘proq sizlarning gapingizga bog‘liq», degandi. Rost. Hakam o‘z qarori bilan o‘yinga qanday ta'sir o‘tkazsa, sharhlovchiniki ham shu darajada. Ba'zan ko‘proq bo‘lsa bor, kam emas.

Lekin sharhlovchilik boshqa tomondan o‘ta murakkab soha — jamoasi uchun yonib kuyadigan ishqibozlar va hissiyotni bir chetga surib qo‘yib tahlil qiladigan mutaxassislar o‘rtasida jon saqlashi kerak. Muxlislar gapini e'tiborga olaman, deb sharhlasa, hakam qarorlari masalasida hissiyotga berilib ketishi va janjalli voqeaga sabab bo‘ladigan darajadagi xatoga yo‘l qo‘yib qo‘yishi mumkin (bu xatoni to‘g‘rilab bo‘lmaydi keyin). Mutaxassisona yondoshib, hakamning qarorini hakamlar bilan ishlovchi qo‘mitaga havola qilsa va xatoni o‘yin payti emas, uchrashuv tugagach izlashni ma'qul ko‘rsa, muxlislar nazdida qo‘rqoqqa aylanadi. Aslidayam shunaqami?

Men ko‘proq muxlislarning fikriga quloq soladigan va mutaxassislar bilan tortishib yuradigan sharhlovchilar toifasiga kirsam kerak. Ehtimol, shu bois ijtimoiy tarmoqlarda menga oid tarqalgan asosiy sharh parchalari o‘ta hissiyotli vaziyatlardan olingan. Hattoki xatoli gaplar bo‘lsa ham, hurmat qilishadi o‘sha gaplarni.

Oddiy misol: o‘tgan yili OKMK – «Paxtakor» o‘yinida Tseytlin maydonda birgina ogohlantirilgan Muzaffarovga ikkinchi sariqni berib chiqarib yuborgan vaziyatini men o‘yinning oxirgi o‘n daqiqasi davomida tinmasdan noto‘g‘ri tahlil qilib o‘tirganman. Uchrashuvning oxirigacha tanqidlar yomg‘irini beayov yog‘dirganman. Vaziyatni to‘laligicha bilganimdan so‘ng, «Referi-taym» ko‘rsatuvida xatomni tan olib, uzr ham so‘ragandim. Qiziq tomoni, o‘sha o‘yindagi sharhimdan muxlislar rozi bo‘lishgan. Ko‘plarining nazdida men baribir o‘yinga to‘g‘ri yondoshgan va hakamning harakatlarini tanqid qilib to‘g‘ri qilganman, qizig‘-a?!

Bugun «Paxtakor» hamda «Nasaf» jamoalari o‘rtasida o‘tgan uchrashuvni «Sport» telekanali orqali jonli sharhlab bordim. So‘nggi besh daqiqaga qadar hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi. Ammo oxirgi daqiqalar mas'uliyati...

Ha, bugun teskarisi bo‘ldi. Aziz Asimov boshchiligidagi hakamlarning qarorini men tushunishga urindim, birdan xulosalar berishga shoshilmadim. Lekin mazkur holatlarda ham yon chiziq hakamlarining uch-to‘rtta ochiq xatolari aytildi, bosh hakamning Yaxshiboyevga ikkinchi sariq kartochkani berishi lozimligini bot-bot takrorladim. Kremets gol urgan vaziyatda ham takroriy lavhalarni kuzata turib: «Paxtakor» sardori «agar to‘pni Bikmayevdan qabul qilib olgan bo‘lsa, undan oldindaligini, bu esa offsaydligi»ni aytdim. Faqat, bu oldingi sharhlarimdan farqli ravishda o‘ta achchiq til bilan emas, oddiy, o‘rtada turgan odamning gapi bo‘lib chiqdi. Nega, bilasizmi?

Men o‘sha lahzada boshqa narsani o‘yladim: ba'zi futbol qoidalarida xato qilib noto‘g‘ri xulosa chiqargandan ko‘ra, o‘yin tugagach sovigan bosh bilan tahlil qilganim yaxshiroq, deb hisobladim va birinchi marta shunday qilganimdan, qila olganimdan xursand bo‘ldim. Chunki boya aytganimdek, o‘ta hissiy odamman. Ba'zan tahlilsiz ham qat'iy fikr bildirishga o‘rganganman. Qo‘rqmayman.

Hozirgi vaziyatim esa, o‘ta zarur ehtiyotkorlik bo‘ldi, xolos. Aslida sharh davomida hakamlarning xatosini aytib borganim uchun vijdonim oldida tozaman. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, ba'zi «Paxtakor»ni yomon ko‘radigan muxlislarning jahl aralash bildirayotgan fikrlari davomiyligini, bu gaplar oldin ham ko‘p bo‘lganini bilaman. Muhimi, men bugun birinchi marta muxlislarga ham, mutaxassislarga ham yaxshi ko‘rinishni istamadim, birinchi marta — bunaqasi hech bo‘lmagandi. O‘zim bo‘lmoqchi bo‘ldim va epladim.

Ammo... qarshilik yosh yigitlarning ko‘z yoshini unuta olmayapman. O‘yinda superharakatlari bilan tengquri — Jasur Yaxshiboyevni ko‘z ochirishga yo‘l qo‘ymagan va oxir-oqibat ochiqcha, ojizona to‘xtatilgan Islom Kenjaboyev jarohatlangan holida ham o‘yinni davom ettirishga uringanini, keyin alam bilan zaxiraga olinganini, tibbiyot xodimlari o‘yin oxirigacha unga yordam berishganini, hali bu jarohat jiddiy bo‘lib chiqishini o‘ylab, juda alam qildi. Shu holatni ro‘y berguncha qo‘yib bergan odamlar insoniy faktor bilan xato qilgan bo‘lishsa ham qani edi, afsus.

Va oxiridagi xulosam: o‘yin tugagach, Shota Arveladze va Ro‘ziqul Berdiyev bir-biri bilan ko‘rishganida, ularning nigohi e'tiborimni tortdi: gruziyalik mutaxassisning nigohi yutqazgan odamni, o‘zbek murabbiyining nigohi g‘alaba qozongan odamni ifoda etardi. O‘zi shunaqa bo‘ldi, shekilli-da?!

Xayrulla HAMIDOV

Mavzuga oid