O‘zbekiston | 16:24 / 06.04.2019
12205
7 daqiqa o‘qiladi

Qurolli Kuchlarda tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar harbiy tuzilmalarida tashkil etiladi va amalga oshiriladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun mudofaa ishlari boshqarmalari (MIB) va mudofaa ishlari bo‘limlarida (MIBB) - tibbiy komissiyalar, Mudofaa vazirligi, DXX ChQ, IIVda harbiy-tibbiy komissiyalar (HTK) tashkil etiladi.

Tibbiy komissiyalar va HTK quyidagicha bo‘linadi:

tashkiliy tuzilishi bo‘yicha - shtatli va shtatdan tashqari;

huquqlarining davomiyligi bo‘yicha - doimiy va vaqtincha faoliyat yurituvchi;

tashkil topgan joyi bo‘yicha - garnizon, gospital, harbiy boshqaruv tizimining  mahalliy organlari;

maqsadiga ko‘ra - tibbiy-uchuvchilik, sanatoriy-saralash va muqobil.

Mudofaa vazirligida shtatli HTK - Markaziy harbiy tibbiy komissiya (MHTK). O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida shtatli tibbiy komissiya - Respublika muqobil tibbiy komissiyasi (RMTK) hisoblanadi.

RMTK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (viloyat) muqobil tibbiy komissiyasining tuzilish tartibi, komissiya a'zolari tarkibi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.

MHTK maxsus vazifalarni bajaruvchi harbiy-tibbiy muassasa hisoblanadi hamda bevosita Mudofaa vazirligi Tibbiy ta'minot boshqarmasiga bo‘ysunadi. MHTKga harbiy-tibbiy ekspertiza masalalari bo‘yicha Mudofaa vazirligining barcha tibbiy komissiyalari va HTK bo‘ysunadi.

MHTK o‘z faoliyatini tashkil etishda harbiy-tibbiy ekspertizaning boshqaruv hujjatlaridan tashqari, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa, tashkilot va korxonalarning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha boshqaruv hujjat talablarini qo‘llaydi.

MHTK yuklatilgan vazifalarni bajarish vaqtida harbiy-tibbiy ekspertiza manfaatlari maqsadida o‘tkaziladigan choralarni tashkil etish va amalga oshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘smir va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordamni tashkil etish markazi, DXX, IIV markaziy harbiy-tibbiy komissiyalari, RMTK, shuningdek boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlarni o‘tkazadi.

Fuqarolarga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan avval, Nizomda keltirilgan majburiy tahliliy va tibbiy uskunalar yordamida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga muvofiq majburiy diagnostik tadqiqotlar, zaruriyat tug‘ilganda tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra boshqa tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kunduzgi yorug‘likda maxsus ajratilgan yorug‘, issiq va keng xonalarda o‘tkaziladi. Kunduzgi yorug‘lik yetarli bo‘lmagan sharoitlarda sun'iy yorug‘lik shifokorlarning ishlashi uchun yetarli bo‘lishi lozim. Har bir shifokorga alohida xona ajratiladi.

Shifokor-mutaxassislarning xonalari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun mazkur Nizomda keltirilgan tibbiy komissiyalar va HTK shifokor-mutaxassislarning xonalarini jihozlash uchun bo‘lgan dori vositalari va tibbiy uskunalar ro‘yxatiga muvofiq lozim bo‘lgan dori vositalari hamda tibbiy uskunalar bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxslarning sog‘lig‘i, salomatlikka oid shikoyati bor yoki yo‘qligidan qat'iy nazar, so‘rov asosida har tomonlama obektiv tekshiruvlar yordamida aniqlanadi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxslar tomonidan ularning salomatligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettirilgan, shuningdek dispanser kuzatuviga oid turli tibbiy hujjatlarning taqdim etilishi, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishidan ozod qilinmaydi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxsning tibbiy hujjatlari, tavsifnomalari o‘rganilib, shaxsiy yig‘ma jildi va boshqa hujjatlari bilan tanishib chiqqach, qanday shikoyatlari borligini so‘rab bilib, anamnezi yig‘ilgandan keyin, shifokor-mutaxassislar tomonidan tibbiy tekshiruv o‘tkaziladi.

Tibbiy komissiya yoki HTK tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida mazkur Nizomda keltirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar asosida fuqaroni ko‘rikdan o‘tayotgan davrdagi sog‘lig‘i va jismoniy rivojlanish holatini o‘rganib, unga baho beradi, ayollar shifokor-ginekolog tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shart.

Harbiy tibbiy ekspertizaning shifokor-mutaxassislari ommaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida qisqa vaqt sarflagan holda tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxsning sog‘lig‘i to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beruvchi maxsus (harbiy) tekshiruv usulidan foydalaniladi. Shu maqsadda, a'zo va tizimlarning tekshiruvi aniq belgilangan tartib hamda shunday ketma-ketlikda o‘tkaziladiki, bunda uni o‘tkazishga kam vaqt sarf qilinadi va tekshiruvlarning biror-bir usuli boshqalarining o‘tkazilishini qiyinlashtirmaydi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxslarni tekshiruv jarayonida muhimi, faqatgina jismoniy jihatdan nuqson topish yoki kasallik, shikastlanish (yaradorlik. jarohat) asorati xususiyatlarini aniqlash emas, balki kasallangan a'zo faoliyatiga oid buzilish hamda kompensatsiya darajasi va umuman organizmning faoliyatga oid moslashuvchanligini aniqlash lozim, chunki ushbu omil tegishli ekspert xulosasini chiqarishga asos bo‘ladi.

Me'yordan farq qiluvchi ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan barcha holatlarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxs aniqlangan o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda, mukammal tekshiruvdan o‘tkazilishi va tegishli shifokor - mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Agar ambulatoriya sharoitdagi tekshiruvlardan so‘ng ham tashxis noaniqligicha qolsa yoki shubha tug‘dirayotgan bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxs statsionar sharoitdagi tekshiruvlarga yuboriladi.

Mavzuga oid