Davlat tomonidan qoplanadigan yillik majburiy “medosmotr”ga pedagoglar o‘z hisobidan 140 ming so‘m atrofida to‘lov qilyapti. Poliklinika va SESdagilar esa tibbiy ko‘rik uchun budjetdan pul o‘tkazilmaganini aytmoqda. Maktab, Sog‘liqni saqlash hamda Moliya vazirliklaridan boshqarmalarga yuborilgan xatga ko‘ra, joriy yil ko‘rik xarajatlari uchun 71,4 mlrd so‘m ajratilgani qayd etilgan.
“Qachongacha haqqimizni olishadi?”
Toshkent viloyati Qibray tumani 9-maktabda ishlovchi bir guruh o‘qituvchilar majburiy tibbiy ko‘rik uchun pul olinayotganidan norozi bo‘lib Kun.uzʼga murojaat qildi. Pedagoglarga ko‘ra, ular har yili shu muammo bilan yuzlashadi, ammo holat o‘zgarmaydi.
“O‘tgan yili ham majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganmiz, lekin o‘shanda ham pul to‘laganmiz. Bu yil ham poliklinikaga bordik, xodimlari qo‘pol ohangda kartochkani to‘ldirib, pul to‘lashimizni aytishdi. Indamay to‘ldirib, analizga borsak, “pul to‘lamasang, qoningdan analiz olmayman”, dedi. Jahlimiz chiqib, bosh shifokoriga kirdik, o‘qituvchilar uchun bepul qilinganini aytdik.
Shifokor bundan xabari borligini, lekin poliklinikaga pul o‘tkazilmaganini aytdi. “RAYONO”dan hal qilinglar, dedi. U yerdagilar ham hal qilyapmiz, o‘tkazamiz deyishdi, shu deganiga ha, 2 oy bo‘lib qoldi, hali masala hal bo‘lmadi. Bu yerdan esa SES xodimlari “medosmotr”dan o‘tishga majburlab, maktabimizga qanchadir jarima yozib ketyapti”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan o‘qituvchi.
“Bu yil ko‘rikni boshlagan kunimizning ertasigayoq butun respublika bo‘yicha pedagog xodimlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va buning uchun davlat tomonidan pul o‘tkazilgani bo‘yicha buyruq [ham] chiqarildi. Biz shu hujjatning ijrosini kutdik, o‘qituvchilar bepul ko‘rikdan o‘tish uchun 1 oy yurdik. Lekin SES ham, Qibray tumani ko‘p tarmoqli poliklinikasi ham bizdan pul so‘rashyapti, pul bermasak analiz olmasligini, xulosa yozmasligini aytyapti. O‘qituvchilar uchun ko‘rik bepulligini aytsak, “bizgacha pul yetib kelmagan, borib yuqori tashkilotlarga murojaat qilinglar” deyishyapti.
Keyin 15 nafar o‘qituvchi birlashib Qibray tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga borib uchrashdik, “maktab bizga ro‘yxat qilib bersa, pulni o‘tkazamiz”, deyishdi. Bizning maktab ro‘yxat qilib berdi, lekin mana, 2 oyki natija yo‘q. Bankka borsak, “sizlarga pul o‘tkazilgan, sizlar indamasdan pul to‘laganinglar uchun “tepadagi”lar bilganini qilyapti”, deydi. Biz tushunmayapmiz, bu yerda moliya bo‘limi pulni yeganmi yoki "RAYONO"?”








