O‘zbekiston | 19:00 / 08.04.2019
73749
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Termizdagi hodisa bo‘yicha ma'lumot berdi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan ko‘pqavatli uydagi portlash gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yuz bergan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Termiz shahar IIO FMB 2-sonli IIB navbatchilik qismi tomonidan aniqlik kiritilishicha, baxsiz hodisa «Do‘stlik» mahallasidagi 10-uyning yerto‘lasidagi penoplastdan tayyorlangan buyumlar, hojatxona qog‘ozlari va boshqa mahsulotlar saqlanadigan omborda sodir bo‘lgan va uning oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan.

«8 aprel kuni soat taxminan 11:30larda «Do‘stlik» mahallasi, A.Navoiy ko‘chasi, 10-uy yerto‘lasida fuqaro I.B.ga tegishli bo‘lgan «Fasad Diyor» MChJga qarashli bo‘lgan yerto‘laga I.B.ning amakisi I.R. va fuqaro R.A. bilan birgalikda omborxonada saqlanayotgan hojatxona qog‘ozi va boshqa tovarlarni ko‘zdan kechirish maqsadida tushganlar. Yer to‘la qorong‘i bo‘lgani sababli elektr chirog‘ini yoqqan vaqtda yerto‘lada to‘plangan is gazi va elektr energiyasining o‘zaro kimyoviy reaksiyasi natijasida portlash holati kelib chiqqan. 

Natijada, xodisa joyida bo‘lgan fuqarolar I.R. va R.A. vafot etgan», deyiladi xabarda.

Hodisa joyiga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, viloyat IIB boshlig‘i, Termiz shahar prokurori va boshqa tezkor tergov guruhi a'zolari chiqishgan. 

Ushbu holat yuzasidan hozirda viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki xabarlarda Termizda gaz portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgani aytilgandi.

Mavzuga oid