Jahon | 14:35 / 09.04.2019
9272
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda «Farg‘ona jozibasi» liboslar kolleksiyasi namoyish etildi

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

5-7 aprel kunlari Dehli shahrida “The Delhi Times Fashion Week-2019” modalar haftaligi bo‘lib o‘tdi. Modalar haftaligining yakunlovchi qismida mashhur hind dizayneri, O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat va turizm elchisi Ritu Beri o‘zining “Farg‘ona jozibasi” deb nomlangan maxsus O‘zbekistonga bag‘ishlangan kolleksiyasini namoyish qildi. Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi matbuot xizmati Kun.uz’ga shu haqida xabar berdi.

Ritu Beri mazkur tadbir uchun O‘zbekistondan keltirilgan xonatlas, adras va boshqa an'anaviy gazlamalardan foydalangan holda eksklyuziv liboslar to‘plamini taqdim etdi. Liboslar taqdimotida hindistonlik madaniyat arboblari, diplomatik korpus vakillari, mashhur modellar va kinoyulduzlar ishtirok etdi.

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat va turizm elchisi, taniqli hind dizayneri Ritu Beri liboslar namoyishi haqida shunday dedi: “Mazkur eksklyuziv taqdimotga o‘zgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rdik. Taqdim etilgan liboslarda o‘zbek va hind milliy an'analarini uyg‘unlashtirgan holda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stona aloqalar, madaniy yaqinlikni aks ettirishga harakat qildik. O‘ylaymanki, buning uddasidan chiqa oldik. Bu kabi tadbirlarni tashkil etish orqali O‘zbekistonning madaniy salohiyatini keng targ‘ib etish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shishdan baxtiyorman”.

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

Ta'kidlash joizki, taqdim etilgan liboslarning barchasida O‘zbekistondan keltirilgan xonatlas va adras mahsulotlaridan keng foydalanilgani bois kolleksiya “Farg‘ona jozibasi” deb nomlangan.

“O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat va turizm elchisi”, atoqli dizayner Ritu Beri tomonidan tayyorlangan yangi liboslar to‘plamini taqdim etishga shaxsan ishtirok etganimdan bag‘oyat xursandman. O‘zbek milliy gazlamalarining yorqin jihatlarni o‘zida aks ettirgan bugungi taqdimot ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Bugun O‘zbekistonning ulkan va serqirra madaniy salohiyatini o‘zim uchun kashf qildim”, - deydi taniqli hind aktrisasi Divya Xosla Kumar.

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

Hindistonlik turizm bloggeri Karan Bxarvajning fikricha, mazkur namoyish yig‘ilganlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi: “O‘zbekiston va Hindiston milliy madaniyati muxlislarini bugungi bayram kechasi bilan tabriklayman. Ikki mamlakat xalqlarining boy madaniyati elementlarini o‘zida jam qilgan bu tadbir barchada o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi. Bugungi ekslyuziv kolleksiya namoyishida ishtirok etgan har bir kishida O‘zbekistonga tashrif buyurish va uning madaniy merosidan bevosita bahramand bo‘lish ishtiyoqi paydo bo‘lgani shubhasiz”.

Mavzuga oid