Jahon | 20:14 / 11.04.2019
7386
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Assanjga 5 yillik qamoq jazosi xafv solmoqda

Foto: Victoria Jones / PA / AP

AQSh adliya vazirligi WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni AQSh hukumatining maxfiy kompyuter tizimini buzib kirish maqsadida sobiq razvedkachi Chelsi Menning bilan til biriktirishda ayblamoqda. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi. 

Ayblov xulosasida Assanj Menningga Pentagondagi kompyuterlarning parolini buzib, ularga kirishda yordam bergani aytilgan.

The Guardian nashrining yozishicha, shu sababli Assanjga 5 yillik qamoq jazosi xavf solmoqda. AQSh adliya vazirligining ta'kidlashicha, Assanj Menning bilan yozishib turganda uni ko‘proq maxfiy ma'lumot berishga undagan.

11 aprelda Assanj Britaniya politsiyasi tomonidan Ekvadorning Londondagi elchixonasida hibsga olindi. Assanjga 7 yil panohgoh taqdim qilgan Ekvador uning himoyasini ta'minlashdan bosh tortgan.

2012 yilda Assanj Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishidan xavotirlangan. U bu davlatda zo‘ravonlikda ayblangan. Biroq unga qarshi tergov 2017 yilda to‘xtatilgan. Assanj AQShga ekstraditsiya qilinishidan va u yerda unga maxfiy hujjatlarni e'lon qilgani uchun o‘lim jazosi berilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

2013 yilda harbiy Bredli Menning davlat sirlarini oshkor qilgani va josuslik uchun 35 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U WikiLeaks’ga 700 mingga yaqin maxfiy hujjat, jumladan amerikalik harbiylar tomonidan Iroq aholisining o‘ldirilishi videoyozuvini bergan. Keyinroq sobiq harbiy jinsini o‘zgartirib, ismini ayollar ismi Chelsiga o‘zgartirgan. 2017 yilda o‘shandagi prezident Barak Obama Menningning qamoq muddatini qisqartirgan va u ozodlikka chiqa olgan.

Mavzuga oid