Jahon | 23:04 / 12.04.2019
21874
3 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadagi saylovlarda Mixail Gorbachyov ishtirok etmoqda

Foto: AFP

Indoneziyada 17 aprelda o‘tadigan parlament saylovlarida ishtirok etuvchi nomzodlar orasida Mixail Gorbachyov ismli nomzod ham bor bo‘lib, biroq rostini aytganda, gap sobiq ittifoq yetakchisi haqida emas, balki uning indoneziyalik adashi haqida bormoqda. Bu haqda France-Presse axborot agentligi xabar berdi. 

To‘liq ismi Mixail Gorbachyov Dom bo‘lgan 32 yoshli siyosatchi Indoneziya tarixida eng katta ko‘lamli saylovlarda ishtirok etuvchi 245 ming nomzodlardan biri bo‘ldi.

Sobiq ekolog-tadqiqotchi uning adashi, Nobel mukofoti sovrindori Mixail Gorbachyov sobiq ittifoqning parchalanishiga olib kelgan islohotlarni boshlagan 1986 yilda tug‘ilgan. 

Indoneziyalik Gorbachyov AFP’ga bergan intervyusida o‘z ismining kelib chiqishi tarixi bilan bo‘lishgan.

Uning ta'kidlashicha, ota-onasi qiz farzand ko‘rishlariga ishonishgan va o‘g‘il farzand ko‘rganlarida unga ism tanlab qo‘ymaganliklari sababli sarosimaga tushib qolishgan. Bola ota-onasi Gorbachyovning ismiga gazetada ko‘zlari tushmaguncha bir hafta ismsiz yashagan. 

“Otam bu ismni qiziq deb hisoblagan, chunki u Sovet ittifoqida obro‘li yetakchi bo‘lgan va otam meni uning sharafiga atashga qaror qilgan”, deb tushuntirib o‘tgan Gorbachyov.

Uning aytishicha, unga o‘smirlik vaqtida bunday antiqa ism bilan oson bo‘lmagan va u hanuzgacha uni Gorba deb chaqirishlarini ma'qul ko‘radi. Biroq keyinchalik bu ism unga ekologiya sohasidagi ko‘p yillik sa'y-harakatlari muvaffaqiyat keltirmagach, siyosatga kirishga jazm qilishida yordam bergan.

“Men o‘z g‘oyalarimni amalga oshirish uchun siyosat bilan shug‘ullanishim kerakligini anglaganman. Bugun bu ism mening foydamga ishlamoqda. Odamlar yuzimni eslab qololmasalar ham, bunday ismni hech qachon yodlaridan chiqarmaydilar”, deb ta'kidlab o‘tgan indoneziyalik Gorbachyov. 

Mavzuga oid