O‘zbekiston | 19:24 / 12.04.2019
8454
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 aprel kuni Ummon  Sultonligi, Qirg‘iziston Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Indoneziya Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Ahmad bin Said al-Kasiriy, Ibragim Junusov, Mehmet Sureyya Er, Sunario Kartadinata hamda Darxan Satibaldidan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Davlat rahbari elchilarni samimiy tabriklab, ularga mas'uliyatli diplomatik missiyani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi, deya xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining barcha jabhalarida demokratik davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va liberallashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Xususan, 2019 yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb nomlangani munosabati bilan qabul qilingan davlat dasturi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston tashqi siyosatida ham tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bugun xalqaro maydonda mamlakatimizga ochiq, ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida qaralmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi faoliyati takomillashtirilmoqda, tashqi siyosatning iqtisodiy yo‘nalishi salmoqli darajada kuchaydi. Bugungi kunda O‘zbekiston elchilari savdo, investitsiya va turizm masalalari bilan faol shug‘ullanmoqda. 

Asosiy e'tibor Markaziy Osiyo davlatlari bilan an'anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilmoqda. Ochiq va konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgani tufayli mintaqada o‘zaro ishonch va anglashuv muhiti shakllanib, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal etishda katta natijalarga erishildi. 

Ayni paytda O‘zbekiston boshqa mamlakatlar bilan ham o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni jadal rivojlantirmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishonch yorliqlarini topshirish marosimidagi nutqida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligini do‘stlik va mushtarak diniy qadriyatlar bog‘lab turgani ta'kidlandi.

Biz O‘monni o‘z mintaqasida va arab-musulmon olamida munosib o‘ringa ega, chuqur o‘ylangan tashqi siyosat olib borayotgan mamlakat sifatida e'tirof etamiz, dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston va O‘mon o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirish hamda ularni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirishga intilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, fan-texnika sohalaridagi hamkorlikni, ta'lim yo‘nalishidagi aloqalarni faollashtirish muhimligiga e'tibor qaratdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston ko‘p asrlik an'anaviy do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro hurmat rishtalari bilan bog‘langan. 

Prezidentimiz keyingi yillarda davlat rahbarlari darajasida ochiq va ishonchga asoslangan muloqot o‘rnatilgani, samarali O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Faol parlamentlararo munosabatlar, hududlararo aloqalar mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklik bundan buyon ham izchil mustahkamlanib borishiga ishonch bildirildi.

Turkiya katta siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega davlat. Keyingi paytda O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasining o‘zapo hurmatga asoslangan ko‘p qirrali aloqalari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Turkiya Prezidenti Rejyep Tayyip Erdog‘anning o‘tgan yilgi O‘zbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.

Bugungi kunda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi birinchi yig‘ilishining o‘tkazilishi ko‘p qirrali munosabatlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Indoneziya O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi an'anaviy do‘stona hamkori. Bizni ma'naviy-diniy qadriyatlar mushtarakligi bog‘lab turadi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda, turli tarmoqlarda, jumladan, ziyorat turizmi sohasida qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yaxshi qo‘shnichilik, mustahkam do‘stlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan. Mamlakatlarimiz har tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Davlatimiz rahbari Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan o‘rnatilgan ishonchli va samimiy muloqotni alohida qayd etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari O‘zbekistonga bo‘lajak birinchi davlat tashrifi strategik sheriklikni kengaytirishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz yangi tayinlangan elchilar professional va hayotiy tajribasi, boy bilimi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan diplomatik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida, elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlik va samarali sheriklikni yanada rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

Mavzuga oid