O‘zbekiston | 19:23 / 16.04.2019
8176
4 daqiqa o‘qiladi

1 milliard 933 million so‘m mablag‘ iqtidorli hamda faol talabalarning shartnoma to‘lovlariga yo‘naltirildi

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

Bugunga kelib yoshlarimizga turli sohalarda qator imkoniyat va imtiyozlar taqdim etilayotgani sir emas. Xususan, 2017 yildan boshlab oliy ta'lim muassasalarida o‘rtacha o‘zlashtirishi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqida shijoat bilan faollik ko‘rsatgan talabalar uchun to‘lov shartnoma summasining 35 foiz qismi to‘lab berilmoqda.

Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar markazida Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan 552 nafar talabaga bir yillik to‘lov shartnoma summasining 35 foiz miqdoridagi to‘lovlarni to‘lab berish va  ularni maxsus sertifikatlar bilan tantanali taqdirlash marosimi  bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi birinchi o‘rinbosarlari, oliy ta'lim muassasalari talabalari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ittifoqning Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyev joriy o‘quv yilida ushbu imtiyozga Toshkent shahrida joylashgan oliy ta'lim muassasalarining 1 ming 52 nafar talabalari hujjat topshirgani va ular orasidan 552 nafarining to‘lov shartnomasiga jami 1 milliard  933 million  644 ming so‘m miqdorda mablag‘ ajratilganini ta'kidladi.

Sovrindor talabalarga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, imtiyozga eng munosiblarni saralashda talabaning oliy ta'lim muassasasida o‘rtacha o‘zlashtirishi 86 foiz va undan yuqori bo‘lishi,  tashkilot tizimida amalga oshirgan ishlari, faolliklari, o‘z shaxsiy tashabbuslari bilan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissalariga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, tanlov g‘oliblari taqdim etgan loyihalarning eng dolzarblari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘magida amalga oshiriladigan bo‘ldi.

—Fakultetimizda Ittifoqning boshlang‘ich tashkilot yetakchisiman. Bir qancha publitsistik va ilmiy maqolalarim turli gazeta va jurnallarda chop etilgan. Universitetimizdagi e'lon orqali ushbu tanlovga hujjat topshirdim va bugun imtiyoz sovrindorligiga erishdim, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xorijiy til va adabiyot yo‘nalishi 4-kurs talabasi Muxlisa Maxmanazarova. — Bildirilgan ishonchga javoban O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganman. Hozirgi kunda o‘zbek xalq maqollarini xitoy tiliga tarjima qilish ustida ish olib boryapman. Buni tugatgach, o‘zbek adabiyotidagi durdona asarlarni ingliz tiliga tarjima qilishga kirishaman.

Imtiyoz sovrindorlaridan biri Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish fakulteti 2-kurs talabasi Hayitboy Iskandarov ham O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarga berilayotgan bu kabi keng imkoniyatlardan minnatdorligini bildirdi. U fakultet yetakchisi sifatida institutda kitobxonlik targ‘ibotiga oid loyihalarni amalga oshiryapti. Bundan tashqari kursdoshlari bilan kitob almashinuvini ham yo‘lga qo‘ygan.

Kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishni niyat qilgan.

Shahnoza Nurullayeva

Mavzuga oid