Jahon | 23:11 / 16.04.2019
7082
2 daqiqa o‘qiladi

Notr-Dam sobori kompyuter o‘yini yordamida tiklanishi mumkin

Foto: Foto: Skrinshot

Ubisoft kompaniyasining Assassin's Creed Unity kompyuter o‘yini kuchli yong‘indan talofat ko‘rgan Parijdagi Notr Dam soborini tiklashda yordam berishi mumkin. Bu haqda GPS World ma'lum qildi

Ta'kidlanishicha, kompaniya rassomi Kerolin Miuss soborning uch o‘lchamli aniq nusxasini yaratish ustida 2 yil ishlagan. Uning aytishicha, sobordagi har bir g‘isht o‘rganib chiqilgan.

Unity o‘yinidagi voqealar Parijda XVIII asr oxirida yuz beradi. Bu o‘yin Assassinʼs Creed seriyasidagi o‘yinlardan birinchisi bo‘lib, unda ko‘plab binolar va arxitektura yodgorliklari birga-bir qilib yaratilgan. O‘yinda soborni eng mayda detallargacha o‘rganish mumkin.

Bundan tashqari, soborni tiklashda san'atshunos Endryu Tellon o‘tkazgan tadqiqot yordam berishi mumkin. Bir necha yil avval u lazer skanerlash texnologiyasi yordamida soborning to‘liq rejasini tuzib chiqqan.

15 aprelda Parij ramzlaridan biri bo‘lgan Notr Dam de Pari soborida yong‘in chiqqan. Yong‘in oqibatida soborning tomi, XIX asrda o‘rnatilgan shpili, soati qulab tushgan.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, tarixiy obidani tiklash uchun 15 yilgacha vaqt va ko‘plab mablag‘ talab etilishi mumkin. 

Mavzuga oid