Jahon | 20:38 / 17.04.2019
9052
2 daqiqa o‘qiladi

Peruning sobiq prezidenti hibsga olinish vaqtida o‘z joniga qasd qilishga urindi

Peruning sobiq prezidenti Alan Garsiya politsiyachilar tomonidan korrupsiya ayblovi bo‘yicha qo‘lga olinmoqchi bo‘lganda o‘ziga o‘q uzdi. Ayni vaqtda siyosatchi koma holatida, deb xabar berdi America telekanali.  

69 yoshli Garsiya Limadagi uyida qo‘lga olinmoqchi bo‘lganda o‘z joniga qasd qilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u bo‘yniga o‘q uzgan.

Sobiq prezident Limadagi shifoxonaga yetkazilgan. Peru sog‘liqni saqlash vaziri Sulema Tomas Garsiya og‘ir ahvolda ekanini tasdiqlagan. Ta'kidlanishicha, uning yuragi uch marta to‘xtagan va shifokorlar uni jonlantirishgan.

Garsiya Peru prezidenti lavozimini ikki marta – 1985-1990 va 2006-2011 yillarda egallagan.

Peru huquq-tartibot idoralari Garsiyani Braziliyaning Odebrecht qurilish kompaniyasidan pora olishda gumon qilmoqdalar. Kompaniya Lima metrosi uchun elektr poyezdlar ishlab chiqarishda ishtirok etgan. Umuman olganda, Braziliya kompaniyasi naf keltiruvchi davlat shartnomalarini olish uchun Lotin Amerikasida yuqori lavozimli amaldorlar, vazirlar va prezidentlarni sotib olish uchun yuzlab million dollar sarflagan.

2018 yil noyabrda Alan Garsiya Urugvay elchixonasida boshpana so‘ragan. Bundan oldin esa Peru sudi unga mamlakatni 18 oy ichida tark etishni taqiqlab qo‘ygan. Biroq Urugvay hukumati Garsiyaga boshpana berishni rad etgan. 

2018 yil martida Peruning boshqa prezidenti Pablo Kuchinski impichment tahdididan keyin o‘z lavozimidan ketishga qaror qilgan. Kuchinskining impichment qilinishiga urinishga olib kelgan mojaro u bilan bog‘liq ikkita firma Odebrecht’dan katta summada pullar olgani haqida ma'lumotlar e'lon qilingandan keyin avj olgan.

Mavzuga oid