Jahon | 23:35 / 18.04.2019
13768
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyevga yana bir faxriy unvon berilishi mumkin 

Qozog‘istonning sobiq prezidenti, millat yetakchisi va respublika xavfsizlik kengashining umrbod raisi Nursulton Nazarboyev yana bir unvon olishi mumkin. 29 may kuni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) 5 yilligiga bag‘ishlangan sammitida Nazarboyev xalqaro tashkilotning faxriy raisi etib tayinlanishi mumkin. Bunday qaror YeOIIni tashkil etish g‘oyasi aynan Nazarboyevga tegishli ekani bilan bog‘liq holda muhokama qilinmoqda.    

29 may kuni Nur-Sultonda Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining YeOIIga a'zo davlatlar – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston yetakchilari ishtirokidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Shu kuni davlatlar rahbarlari ittifoq tashkil etilganining 5 yilligini nishonlashadi va shu vaqt ichida erishilgan natijalarni muhokama qilishadi. Ma'lum qilinishicha, ushbu tadbirning diqqat markazida ittifoqning faxriy raisi deb e'lon qilinishi kutilayotgan Nursulton Nazarboyev bo‘ladi.     

Ayni vaqtda ittifoqda bunday lavozim yo‘q, shu sababli Nazarboyevning bo‘lg‘usi vakolatlari hali belgilanmagan. Shunisi ma'lumki, u YeOIIni tashqi dunyoda taqdim qilishi mumkin.

YeOII tuzilmalarida Nazarboyevning faxriy rais etib tayinlanishi mumkinligini “u Yevrosiyo integratsiyasi uchun ko‘p ish qilgani va yana ko‘p ishlar qilishi mumkinligi”, uning tajribasi va nufuzi YeOIIning xalqaro maydondagi mavqeini oshirishda asqotishi bilan tushuntirilgan. 

Nazarboyev YeOIIni tashkil etish g‘oyasini birinchi marta 1994 yilda Moskva davlat universitetidagi nutqida bildirib o‘tgan. 

Mavzuga oid