«Birgalikda himoyalanaylik: vaksinalar samaralidir»
Emlash har yili 3 million odamning hayotini xavfli xastaliklar natijasidagi o‘limdan saqlab qoladi. Shunga qaramay, vaksinani hayot uchun xavfli deb hisoblaydigan, farzandini o‘z vaqtida emlatmaydiganlar ham bor. Bu haqda O‘zbekistonda immunizatsiya masalalarining yoritilishiga bag‘ishlangan davra suhbatida so‘z bordi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi (UNICEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida emlashning ahamiyati, uni targ‘ibot qilishning samarali usullari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir har yili aprel oyining so‘nggi haftasida o‘tkaziladigan jahon immunizatsiya haftaligi doirasida o‘tkazildi. Haftalikning bu yilgi shiori – «Birgalikda himoyalanaylik: vaksinalar samaralidir» .
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann vaksinalarni bolalar kasalliklarining oldini olish va kamaytirish bo‘yicha asosiy kuch deb hisoblaydi.
«Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2019 yilgi hisobotiga ko‘ra, emlashdan voz kechish jamiyat salomatligi uchun eng katta xavflar o‘ntaligidan joy olgan. Vaksinalar olish uchun barcha imkoniyat bor paytda antivaksinal fikrlarga chek qo‘yish kerak» , deydi u.
«Vaksina kampaniyasining ommalashishiga hissa qo‘shadigan insonlar «emlash qahramonlari» dir. Ularning xizmatlariga alohida e'tibor qaratish kerak. Vaksinalar bo‘yicha yangiliklar qiladigan tadqiqotchilar, emlash taqvimini boyitish, mablag‘ ajratish masalasida bosh qotiradigan siyosatchilar, jarayonni bevosita amalga oshiradigan shifokorlar, farzandining sog‘ligiga befarq bo‘lmagan ota-onalar, emlashning aholi salomatligini saqlashdagi ahamiyatini targ‘ib qiladigan media vakillari – barchasini men «emlash qahramonlari» deb atagan bo‘lardim» , deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, har beshta boladan bittasi tirik qolish va sog‘lom bo‘lish uchun zarur bo‘lgan asosiy vaksinalarni olmaydi. Agar global immunizatsiya qamrovi yaxshilansa, 1,5 million odamning hayotini saqlab qolish mumkin bo‘ladi.
Davra suhbatida emlashning nafaqat alohida shaxslar, balki butun jamiyat salomatligi muhofazasi uchun muhim ekanligi, vaksinalarni o‘z vaqtida emlash taqvimiga muvofiq qabul qilish ahamiyati xususida so‘z bordi.
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024
JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi
00:00 / 06.09.2024