Ko‘pchilik Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevni aksar deputatlardan farqli ravishda jamiyatdagi o‘zgarishlarga o‘z shaxsiy munosabatini bildira oladigan va fikrini himoya qila oladigan deputat sifatida biladi.
Yaqinda Rasul Kusherbayev Toshkent shahridagi «snos» mojarolari, ularga chet el ommaviy axborot vositalari, ayrim xalqaro tashkilot vakillari, diplomatlar va huquq faollari aralashayotgani bo‘yicha shaxsiy munosabatini bildirgandi.
Uning bu chiqishi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Mazkur masalani to‘liq tushuntirib berish maqsadida deputat Kun.uz saytiga murojaat qildi. U bilan shu va bizni qiziqtirgan boshqa mavzular yuzasidan fikr almashdik.
Video: Mover (ts-ix)
Video: Youtube
«Ko‘pchilikka ma'lum, hozirda nafaqat Toshkent shahrida, balki yurtimizning boshqa hududlarida ham qurilish-buzish ishlari avj olmoqda. Lekin ba'zi mansabdor shaxslar tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori asosida ishlab chiqilgan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga amal qilinmayapti.
Bu masala jamoatchilik va biz deputatlarning ham jiddiy e'tirozlarimizga sabab bo‘lmoqda. Madaniy jamiyatda bunday e'tirozlar yuzaga kelganda nizolar sud tartibida hal etilishi kerak. Sudlarning mustaqilligi, daxlsizligi masalasi qonunchiligimizga ko‘ra, normativ huquqiy hujjatlar asosida to‘liq ta'minlangan. Sudyalar bundan qay darajada foydalanmoqda – bu ikkinchi masala hisoblanadi», deydi Kusherbayev.
Deputatning fikricha, uylar buzilishi bilan bog‘liq mojarolar davlatning ichki ishi hisoblanadi.

«Xalqaro tashkilotlar majburiy mehnat, mahkumlar bilan munosabat, inson huquqlarining siyosiy ko‘rinishdagi buzilishlari bilan bog‘liq masalalar va boshqa shu kabi muammolarni muhokama qilishi hamda o‘zining xohish-irodasini bildirishi mumkin. Lekin qurilish va buzish bilan bog‘liq muammolar mamlakatning ichida hal bo‘lishi kerak. Bu ichki sudlar orqali yechim topishi kerak bo‘lgan masala. Jar solish shart emas.
















