Jamiyat | 23:00 / 23.04.2019
103175
5 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» raisi yangi «Malibu 2» mindi. Bu qimmatbaho avtomobil fond mablag‘lari hisobidan olingan

Foto: Facebook

Bugun, 23 aprel kuni ijtimoiy tarmoqda «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi Iskandar Xalilov fond mablag‘lari hisobidan o‘zi foydalanishi uchun «Malibu 2» xizmat mashinasi olgani haqida xabar tarqaldi. 

Unda fondga yordam so‘rab borgan kishi rais hali davlat raqami taqilmagan «Malibu» minib kelganiga guvoh bo‘lgani, uning o‘ziga esa «navbat ko‘pligi va pul kamligi» sababli moddiy yordam ko‘rsatilmagani haqida aytgan.

«Odamlar ne-ne niyatlarda xayriya qilishadi. Odamlar fond rahbari «Malibu»da yursin deb xayriya qilishmagandir axir.

Nima bo‘lganda ham, «Vaqf» fondi juda xayrli ishlarni ko‘p qilishyapti, ammo xalqning pulini bunday talon-toroj qilish yaxshi emas. Undan ko‘ra, kichikroq yengil mashina olib, qolgan mablag‘larni yana xayrli ishga sarflash odobdan bo‘lar edi», deyiladi xabarda.

Ma'lumot bergan shaxs fond xodimidan bu qimmatbaho avtomobil «Muftiy ruxsati bilan fond mablag‘lari hisobidan xarid qilingani»ni tasdiqlatib olgan.

Azon.uz portali ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Fond raisining birinchi o‘rinbosari Zohidjon To‘rayev bilan bog‘lanib, ma'lumot olgan. Moliya-xo‘jalik masalalariga bevosita mas'ul bo‘lgan To‘rayevning aytishicha, bugungi kunda fond tomonidan xayr-ehson, zakot va vaqf uchun ajratilgan 3ta, turli yo‘nalishlardagi aksiyalarning (kitob, betoblar uchun mablag‘ yig‘ish, suv chiqarish va h.z.) 10ta hisob raqami, shuningdek masjidlar va ziyoratgohlar ehson tushumlariga mo‘ljallangan 2ta va fondning asosiy hisob raqami, jami 16ta hisob raqami yuritiladi.

Har bir hisob raqami aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, manbasi belgilab qo‘yilgan.

«Haqiqatan fond tomonidan «Malibu 2» avtomobili xarid qilindi. Lekin bu xabarlarda ta'kidlanganidek xayr-ehsonlar emas, balki Fondning asosiy hisob raqamidagi mablag‘lar hisobidan sotib olingan. Ushbu hisob raqamiga Musulmonlar idorasi tomonidan mablag‘ ajratiladi», deya javob qaytargan raisning birinchi o‘rinbosari «Malibu 2» avtomobili haqidagi savolga.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilganiga bir yil bo‘ldi. Mazkur fond O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida tashkil etilgan.

Ma'lumot uchun, aprel oyidagi baholarga ko‘ra, GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilgan «Malibu 2» avtomobili narxi 276 million so‘mga yaqinni tashkil etadi - bu O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan eng qimmatbaho avtomobildir.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvarida Navoiy viloyati hokimi o‘z o‘rinbosarlari va viloyatdagi 8ta tuman hokimlari uchun yangi «Malibu 2» avtomobillari sotib olgani ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, foydalanuvchilar chekka hududlarda aholining yashash sharoitlari og‘ir ahvolda qolayotgani holda amaldorlar bunday xaridlar qilishidan norozi bo‘lgandi.

Keyinroq Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov Kun.uz uchun bergan intervyusida bu avtomobillar «GM Uzbekistan saytida ko‘rsatilganidek 302 million so‘mdan emas, balki aksiya sabab 267 million so‘mdan olingani», «Navoiy viloyati markazidan Tomdi tumanining qaysidir qishlog‘iga borish uchun 450 km masofa bosishi, shu tufayli hokimlarga sifatli avtomobillar zarurligi» haqida gapirgan, shuningdek, «Rossiyadagi gubernatorlar yashaydigan hashamat oldida bu hech narsa emasligi»ni qistirib o‘tgandi.

Mavzuga oid