19:30 / 24.04.2019
17496

Manchesterda anomaliya: «MYu» «Siti» uchun, «Liverpul» «MYu» uchun

Foto: Dan Mullan/Getty Images

Manchester qizilmi yoki ko‘k? «Yunayted» chempionni aniqlaydigan o‘yin

Bugun Angliya Premer-Ligasida mavsumning eng markaziy o‘yini o‘tkaziladi. «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qiladi. 31-turning qoldirilgan o‘yini hisoblangan bu bahsda katta ehtimol bilan mamlakat chempionligi masalasi hal bo‘ladi.

Qisqacha o‘yinning ahamiyati haqida. «Liverpul» ayni damda 35 o‘yindan so‘ng 88 ochko to‘plab APLda yetakchilik qilmoqda. «Siti» hisobida esa 86 ochko bor, lekin Gvardiola jamoasida bitta zaxira o‘yini mavjud. O‘sha zaxira o‘yini aynan bugun «Yunayted»ga qarshi o‘tkaziladi. Bugun «Siti» 3 ochko olsa, chempionlikni deyarli naqd qiladi. Chunki qolgan turlarda «shaharliklar» «Byornli», «Lester» va «Brayton» kabi jamoalardan maksimal ochko olishi mumkin, Klopp shogirdlari esa «Haddersfild», «Nyukasl» va «Vulverhempton» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi.

Demak, bugun «Manchester Yunayted» Angliya chempioni kim bo‘lishiga bevosita ta'sir o‘tkazishi mumkin. Sulsher jamoasi uchun ham o‘yinning ahamiyati yuqori. «MYu» g‘alaba qozonsa, ochkolari sonini 67taga yetkazib, 4-o‘rindagi «Chelsi»ga tenglashib oladi.

«MYu» qaysi «dushmaniga» «do‘stlik qiladi»?

Joriy mavsum «MYu» muxlislari uchun yomon yoki juda yomon yakunlanishi mumkin. Ya'ni, «Manchester Siti» chempion bo‘lsa yomon, «Liverpul» chempion bo‘lsa, juda yomon. «Siti» Manchesterning zo‘riga aylanganiga ancha bo‘ldi (ser Aleks ketganidan keyin), shu sabab hamshaharlarining chempionligi «Yunayted» uchun endi unchalik qo‘rqinchli emas. Ammo «MYu» muxlislari «Liverpul» chempion bo‘lishini qabul qila olishmaydi.

Britaniyaning eng kuchli ikki klubi aynan «MYu» va «Liverpul». Ular o‘rtasidagi o‘yinni «Britaniya derbisi» deb atasak bo‘ladi. «MYu» muxlislari «Siti» va «Liverpul»ni bir xilda xushlamasligi bor gap, lekin ulardan qaysi jamoa chempion bo‘lishi nisbatan yaxshiroq deb so‘ralsa, «Siti»ni tanlashadi. «Yunayted» fanatlari «Liverpul» 30 yildan buyon chempion bo‘lmaganini aytib, hazil qilib yurishadi. Bu orada «MYu» Angliya chempionligidan «zerikib ketgan».

Ammo «Liverpul»ning chempionligi «Yunayted» muxlislari uchun hazm qilish og‘ir bo‘lgan yangilikdir. Tasavvur qiling, siz azaliy raqibingiz muxlislarini «Jamoang chempion bo‘lganida sen hali tug‘ilmagansan», «30 yil oldin chempion bo‘lgan jamoangning nomi nima edi?», deb masxara qilib yursangizda, ajoyib kunlarning birida o‘sha jamoa APL g‘olibiga aylanib qolsa. Yetmaganiga sizning jamoangiz APLda oxirgi marta 6 yil avval chempion bo‘lgan. Shunday bo‘lsa, «Liverpul» muxlislari «MYu»chilarni nima deb masxara qilishlarini tasavvur qilavering.

Manchester birlashadimi?

«Manchester Yunayted» so‘zining ma'nosi «Birlashgan Manchester» degani. Bugungi derbidan avval ko‘pchilik «Yunayted» va «Siti» «birlashishi»ni aytib hazil qilmoqda. Go‘yoki, «MYu» azaliy raqibi «Liverpul» chempion bo‘lmasligi uchun «Siti»ga yutqazishga ham tayyordek. Ammo bu o‘ta mantiqsiz fikrlashdir. Chunki, «Yunayted»da biror o‘yinni yutqazaman deb tushadigan futbolchi yo‘q. Gvardiola o‘yindan oldin shunday dedi: «Maydonda eng kuchli «Yunayted»ni ko‘rasiz, chunki u yerda g‘ururli yigitlar o‘ynaydi».

Umuman, Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatlarida qaysidir jamoaning boshqa jamoaga yutqazib berishi degan gap bo‘lishi mumkin emas. Shu sabab «MYu» futbolchilari bugun «Siti»ni mag‘lub etish uchun maydonda borlarini berishadi.

«MYu» «Siti»ning bayramini buzishni yaxshi ko‘radi

O‘tgan mavsumda «Manchester Siti» chempionlikni «Etihad»da hamshahari «Yunayted»ni yengib, nishonlashi mumkin edi, lekin Joze Mourino shogirdlari «shaharliklar»ning bayramini buzib, 3:2 hisobida g‘alaba qozonishgandi. O‘shanda Joze mag‘lubiyatga uchrayotgan jamoasiga tanaffusda nima deganini yodingizdadir: «Men ularga «Raqibning bayramini tomosha qilib o‘tiradigan masxaraboz bo‘lishni xohlaysizmi?», deb aytdim».

Joze har qancha yomon murabbiy bo‘lmasin, alohida o‘yinlarda jamoasini maksimal darajada ruhlantira olardi. Ko‘ramiz, Ole buni qanday eplarkin? Bu norvegiyalik murabbiyning murabbiy sifatida derbidagi ilk o‘yini bo‘ladi. «Liverpul» bilan uchrashuvda u durang o‘ynagandi va bu durang qaysidir ma'noda «Liverpul»ning chempionlik poygasi uchun kurashida ta'sir qildi.

«Siti» yaqqol favorit

Bugungi o‘yinda «Manchester Siti» yaqqol favorit. Chunki Chempionlar Ligasidagi alamli mag‘lubiyat «Siti»ni yaralangan sherga aylantirgan. Gvardiola o‘yindan oldin jamoasida hech qanday bosim yo‘qligini aytdi: «Hozir ularning maydoniga borib o‘ynash qo‘rqinchili bo‘lmay qoldi. Oxirgi 10 yilda «Siti»da har ikki jamoaning imkoniyatlarini tenglashtirgan futbolchilar kelishdi. Shu sabab imkoniyatlar teng».

Gvardiola imkoniyatlar teng deb kamtarlik qilmoqda, aslida «Siti»ning imkoniyati sezilarli darajada yuqori. YeChLda yana yarim finalga chiqa olmagan Gvardiolani faqat APL g‘olibligi ovutishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Gvardiola ser Aleksdan so‘ng APLda ketma-ket ikki marta chempion bo‘lgan ilk murabbiyga aylanadi. «MYu» 2006/07, 2007/08 va 2008/09 yilda ketma-ket uch marta Premer-Liga g‘olibi bo‘lgandi. Shundan buyon hech bir klub APLda ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritgani yo‘q.

Xullas, bugungi o‘yinni tomosha qilish uchun asoslar yetarli. «Manchester Siti» va «Liverpul»dan qaysi biri chempion bo‘lishini har ikki jamoaning azaliy raqibi «MYu»ning qo‘lida qolishi hali tarixda kuzatilmagan voqea. Bundan ortiq intriga bo‘lishi mumkinmi? Tarixiy o‘yinni o‘tkazib yubormang.

Angliya Premer-Ligasi
31-turning qoldirilgan o‘yini
MANCheSTeR YuNAYTeD – MANCheSTeR SITI

Manchester, «Old Trafford» stadioni.
O‘yin vaqti (Toshkent vaqti bilan): 24 aprel, 23:55.

Mavzuga oid
Top