O‘zbekiston | 12:13 / 25.04.2019
6681
3 daqiqa o‘qiladi

Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlashda nimalarni ko‘rsatish kerak?

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining 20.01.2014 yildagi «Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 10-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Ma'lumot uchun: diniy mazmundagi materiallar – dunyodagi turli dinlarning asoslari, tarixi, mafkurasi, ta'limoti va sharhlari hamda marosimlarini o‘tkazish amaliyotini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar va boshqa bosma nashrlar, audiovizual asarlar (tele-, kino- va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozmalari, multfilmlar, anime, xentay va shu kabilar), axborot tashuvchi elektron jismlar (disketlar, CD, DVD disklari, Internet tarmog‘ida joylashtirilgan materiallar va shu kabilar).
 
Quyidagi tuzatishlar kiritildi:
 
• O‘zbekiston hududida muomalada bo‘lishi taqiqlangan diniy mazmundagi materiallarning ro‘yxatini tuzish davriyligiga aniqlik kiritildi – har yili, kamida ikki marta. Eslatib o‘tamiz, ro‘yxat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tuziladi;
 
• diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish yoki tarqatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga taqdim etiladigan hujjatlarning ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi:

a) endi bunday materiallarni tayyorlash uchun ham, ularni olib kirish yoki tarqatish uchun ham ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi guvohnoma nusxasi talab etilmaydi; 

b) materiallarni tayyorlash uchun nashr etilishi rejalashtirilgan materiallar haqida aynan qanday ma'lumotlar taqdim etilishi yuzasidan aniqlik kiritildi: materialning nashrdan chiqariladigan adadi, foydalanilgan manbalarning ro‘yxati (adabiyotni tayyorlashda bir nechta manbalardan foydalanilganda), material tarjima qilingan taqdirda – uning qaysi adabiyotdan tarjima qilingani, qayerda chop qilingani va to‘liq nomi;

v) nashrga tayyorlashga mo‘ljallangan material muallifi yoki tarjimon diniy ma'lumotga ega bo‘lsa, endi uning diniy ma'lumotga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi talab etiladi. Bunday hujjatga ega bo‘lmagan taqdirda, bu haqda vakolatli organga kiritiladigan xat yoki arizada ko‘rsatiladi.
 
Hujjat 19.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid