19:01 / 29.04.2019
44911

«Qasoskorlar: Intiho»: shov-shuvli film haqida barcha faktlar

Foto: Marvel

«Qasoskorlar: Intiho» filmi premera haftasining oxirida dunyo bo‘ylab 1,2 mlrd dollar – ilk uikend uchun kino tarixidagi eng ko‘p mablag‘ni jamg‘ara oldi. Ushbu film Marvel kinokoinotining 10 yil davomida bir ipga tizib kelingan voqealar rivojidagi so‘nggi film hisoblanadi.

Premera kassabopligi bo‘yicha ilk haftaning o‘zidayoq jahon kinoprokatidagi barcha rekordlarni yangilashi kutilgandi. Premera dastlab 22 aprel kuni AQShda, so‘ng dunyo bo‘ylab Xitoyda 24 aprel kuni tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi. «Qasoskorlar: Intiho» filmi, kinotahlilchilarga ko‘ra, ilk uikendning o‘zida 900 mln – 1 mlrd dollar atrofida foyda ko‘rishi taxmin qilingandi. Umumiy kassa yig‘imlari esa rekordchi film «Avatar»ni (2,8 mlrd dollar umumiy kassa yig‘imiga ega) ortda qoldirishi ham mumkin.

Foto: Marvel

Rossiya Federatsiyasida premera kuni keyinroqqa qoldirilgani sababli O‘zbekiston kinoteatrlarida 29 aprel kuni namoyish qilinadigan ushbu film «Qasoskorlar: Cheksizlik jangi» filmining mantiqiy davomi hisoblanadi. «Qasoskorlar: Cheksizlik jangi» filmi 321 mln dollarlik budjet bilan 2 mlrd 48 mln dollar daromad keltirgan.

Film O‘zbekistonda ham o‘zining minglab tomoshabinlariga ega. Kinokartina haqida eng muhim ma'lumotlarni esa quyida o‘qishingiz mumkin.

• Film Marvel Studios kinokoinotidagi ushbu filmlar ketma-ketligidan so‘ng keladi:

-        «Temir odam» (2008)

-        «Ajabtovur Halk» (2008)

-        «Temir odam-2» (2010)

-        «Tor» (2011)

-        «Birinchi qasoskor» (2011)

-        «Qasoskorlar» (2012)

-        «Temir odam-3» (2013)

-        «Tor-2: Zulmat saltanati» (2013)

-        «Birinchi qasoskor: Boshqa jang» (2014)

-        «Galaktika Soqchilari» (2014)

-        «Qasoskorlar: Altron davri» (2015)

-        «Chumoli-odam» (2015)

-        «Birinchi qasoskor: Qarama-qarshilik» (2016)

-        «Doktor Strenj» (2016)

-        «Galaktika Soqchilari: 2 qism» (2017)

-        «O‘rgimchak-odam: Uyga qaytish» (2017)

-        «Tor: Ragnaryok» (2017)

-        «Qora Pantera» (2018)

-        «Qasoskorlar: Cheksizlik jangi» (2018)

-        «Chumoli-odam va Qovog‘ari» (2018)

-        «Kapitan Marvel» (2019)

-        «Qasoskorlar: Intiho» (2019)

-        «O‘rgimchak-odam: Uydan yiroqda» (namoyishi 2019 yil 4 iyulda bo‘lishi rejalashtirilgan);

• «Qasoskorlar: Intiho» filmining rejissyorlari aka-uka Entoni va Jo Russodir;

Foto: Screen Rant

• Film 3 soat 1 daqiqa davom etadi;

• Film Qasoskorlarning Cheksizlik toshlarini qo‘lga kiritgan, Yer yuzining yarim aholisi, shuningdek, superqahramonlarning yarmini yo‘qotgan Tanosga qarshi jangi to‘g‘risida hikoya qiladi;

• Bosh rollarda:

Kenja Robert Dauni (ixtirochi, milliarder, filantrop qahramon – Toni Stark, Temir odam)

Kris Evans (amerikalik askar, fan yutuqlari bilan super qobiliyatlarga ega bo‘lgan qahramon – Stiv Rojyers, Kapitan Amerika)

Kris Hemsvort (Asgard makonidan bo‘lgan chaqmoq hukmdori – Tor)

Mark Ruffalo (olim, tadqiqotlar oqibatida yashil maxluqqa aylanish imkoniga ega qahramon – Bryus Benner, Halk)

Josh Brolin (titan, Cheksizlik toshlarini qo‘lga kiritgan asosiy salbiy qahramon – Tanos)

Jyeremi Renner (mohir kamonboz – Klint Barton, filmning avvalgi qismlarida Lochinko‘z obrazini gavdalantirgan, so‘nggi qismda Ronin sifatida paydo bo‘ladi)

Skarlett Yoxansson (rus josusi - Natasha Romanova, Qora beva)

Bri Larson (amerikalik harbiy uchuvchi – Kerol Denvers, Kapitan Marvel)

Pol Radd (Skott Leng, Chumoli-odam)

Benedikt Kamberbetch (sobiq jarroh – Stiven Strenj, Vaqt toshining saqlovchisi)

Tom Hiddlston (Aldov va mug‘ombirlik timsoli - Loki)

Kris Prett (Piter Kvill, Yulduz lordi)

Semyuel L. Jyekson (josus, Nik Fyuri)

Tom Holland (maktab o‘quvchisi - Piter Parker, O‘rgimchak-odam)

Chedvik Bouzman (Vakanda qiroli – T’Challa, Qora Pantera)

• BoxMojo sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Marvel kinokoinoti 22 filmining umumiy hisobdagi jamg‘argan mablag‘i – 19 mlrd 848 mln 985 ming 785 dollarni tashkil qiladi. 2019 yilning 29 aprel holatga ko‘ra, ushbu summa 167 trln 318 mlrd 433 mln 659 ming 276 so‘m 75 tiyinni tashkil qiladi (1 AQSh dollari = 8429, 57 so‘m);

• 22 filmni tasvirga olish uchun 3 mlrd 735 mln dollar sarflangan (31 trln 484 mlrd 443 mln 950 ming so‘m). Sof foyda – 16 mlrd 113 mln 985 ming 785 dollarni (135 trln 833 mlrd 971 mln 153 ming 662 so‘m) tashkil etmoqda;

• «Qasoskorlar: Intiho» filmining noqonuniy ko‘chirma shakli chiqib ketmasligi uchun kurashilsa-da, xitoylik videoqaroqchilar tomonidan filmning ekrandan yozib olingan sifatsiz talqini internet tarmoqlariga sizdirilgan. Jumladan, Toshkent ko‘chalarida filmning sifatsiz talqini disklarga ko‘chirib sotilmoqda. Disklarning o‘rtacha narxi - 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha;

• Shunga qaramasdan, Toshkentdagi kinoteatrlarda film premerasigacha chiptalarning katta qismi sotib bo‘lingan. Chiptalar narxi ertalabki seanslar uchun 22 ming so‘mdan praym-taymda 36 ming so‘mgacha belgilangan.

Mirzayor Erkinov

Mavzuga oid
Top