Jahon | 20:22 / 29.04.2019
17111
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy shtabi Poroshenkoning atrofidagilarga jinoiy javobgarlik bilan tahdid qildi

Foto: RIA Novosti

Ukrainaning bo‘lg‘usi prezidenti Vladimir Zelenskiy shtabi amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoning atrofidagilar nopok harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini aytdi. 

Zelenskiy shtabi Poroshenko atrofidagilarni Rossiya OAV bilan hamkorlik qilish va ular orqali noto‘g‘ri ma'lumot tarqatishda ayblagan, biroq gap qaysi OAV haqida ketayotganini ko‘rsatmagan. Shtabda aytilishicha, amaldagi prezident atrofidagilar saylovlardagi g‘alabasidan keyin oilasi bilan Turkiyaga dam olgani ketgan Zelenskiyni yomonotliq qilishga urinmoqda.

“Ba'zilar o‘z mag‘lubiyatini munosib qabul qilishga tayyor emas, uning atrofi esa nopok harakatlarini yashirishga harakat qilib tiniq suvni loyqalamoqda. Biroq javobgarlik muqarrar. U tez orada keladi. Axir Zelenskiyning qisqa muddatli va yetarlicha betinch hordig‘i tugadi. U ishlarga qaytmoqda. Ba'zilar uchun ular jinoiy bo‘lishi mumkin”, deb aytilgan Zelenskiy shtabi bayonotida.    

Jumladan, “Blok Pyotr Poroshenko” partiyasidan deputat Vladimir Arev avvalroq Zelenskiy Turkiyadagi hordig‘i vaqtida Rossiyaga yaxshi munosabatda bo‘lgan germaniyalik siyosatchi Gregori Gizi bilan go‘yoki kabob tayyorlaganini ma'lum qilgan. Biroq keyinroq Arev hech qanday Gizi bo‘lmagani, faqatgina turk restorani ishchisi bo‘lganini ma'lum qilgan, biroq dastlabki xabar OAVda tarqalishga ulgurgan.

Shuningdek, turli  Telegram-kanallarda Zelenskiy go‘yoki Turkiyada ukrainalik oligarx Igor Kolomoyskiyning 40 metrlik yaxtasida dam olgani va Rossiya prezidenti yordamchisi Vladislav Surkov vakillari hamda Ukrainaning “Muxolif maydon – Hayot uchun” partiyasi siyosiy kengashi raisi Viktor Medvedchuk bilan uchrashgani ta'kidlangan.

Mavzuga oid