O‘zbekiston | 20:50 / 30.04.2019
13719
3 daqiqa o‘qiladi

Rashid Malikov O‘zbekistonda bir mavzuda film ishlash «moda» bo‘lishi haqida - «Hozir filmlarning 90 foizi tarixiy mavzuda»

Kun.uz «Chinor ostidagi duel», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» filmida aktyorlik, «Tog‘a», «Sabot» filmlarida rejissyorlik qilib tanilgan Rashid Malikov bilan jamiyat va yoshlar, mashhur kinomukofotlar, o‘zbek filmlaridagi takroriy mavzular, zamonaviy o‘zbek kinosan'ati saviyasi to‘g‘risida suhbatlashdi.

Rashid Malikov repertuar rejasiga mavzu tanlashda asosan tarixiy yoki terrorizm, ekstremizmga qarshi yo‘nalishlarga murojaat ko‘p bo‘layotganini ta'kidlab o‘tdi.

«Xususiy filmlarni tasvirga olishni yoki tomoshabinlar kinoteatrlarga borishini taqiqlab bo‘lmaydi. Davlat buyurtmasiga ko‘ra olinadigan filmlarning repertuar rejasi bo‘ladi. Davlat rahbari milliy kino rivojiga katta e'tibor beryapti. Katta mablag‘lar ajratilmoqda, «O‘zbekkino» studiyalari ta'mirlanyapti.

O‘tgan yili olingan filmlarning 90 foizi tarixiy mavzudagi filmlar bo‘ldi. To‘g‘ri, bizning tariximiz boy, biroq ushbu filmlar badiiy emas, badiiy-publitsistik janrda suratga olingan. Bu janrdagi filmlarning yarmida hikoya qiluvchi tomonidan ma'lumot berib turilsa, yarmida aktyorlar, voqealar ko‘rsatilishi mumkin. 10-15 filmning 9tasi tarixiy bo‘lishi kerak degani emas-ku? 

Shuningdek, terrorizmga qarshi kurash mavzusida ham filmlar juda ko‘p. Ayniqsa Hilol Nasimov bu mavzuda ko‘p film suratga olgan.

Yoshlarga ibrat bo‘la oladigan, yoshlar to‘g‘risida yoki global ahamiyatga ega mavzuda filmlar esa yo‘q», deydi rejissyor.

Ma'lumot uchun, aktyor, rejissyor va ssenariynavis Rashid Malikov 1958 yilda Moskvada tug‘ilgan. 1980 yilda Toshkent tibbiyot institutini, 1986 yilda Butunrossiya davlat kinematografiya institutini tamomlagan. 1993 yilda AQShda Film in USA dasturi doirasida malaka oshirgan. 

U bir qator xalqaro kinomukofotlar sovrindori. 2018 yil 40-Moskva Xalqaro kinofestivalida «Sabot filmi uchun Rossiya kinematografchilari ittifoqining kinoshunoslar va kinotanqidchilar gildiyasi sovrinini, Kinoklublar federatsiyasi diplomini (Hakamlarning maxsus e'tirofi yo‘nalishida) qo‘lga kiritgan.

Rashid Malikov bilan intervyuning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid