O‘zbekiston | 19:00 / 30.04.2019
9675
2 daqiqa o‘qiladi

«Yangiobod» turbazasi egasi Oliy sudga apellyatsiya berishini ma'lum qildi

Ali To‘xtayev o‘ziga tegishli «Yangiobod» turbazasining davlat foydasiga olib qo‘yilishi masalasini Oliy sudgacha olib chiqmoqchi. U bu haqda Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

30 aprel kuni Toshkent viloyat ma'muriy sudi apellyatsion instansiyasining «Yangiobod» turbazasining olib qo‘yilishi ishi bo‘yicha ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud turbaza egasi Ali To‘xtayevning apellyatsion shikoyatini qanoatlantirishni rad etdi va Nurafshon shahar ma'muriy sudining 2019 yil 19 martdagi qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi. O‘shanda Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibrohimovning obektni davlat foydasiga olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorini noto‘g‘ri deb topish rad etilgandi.  

«Biz sudning bugungi qaroridan norozimiz, bizda Oliy sudga apellyatsiya berish imkoniyati bor va biz bu imkoniyatdan albatta foydalanamiz», – dedi To‘xtayev. 

U bugun yetkazib beruvchilar va salohiyatli investorlarga turbaza kelajagi bilan bog‘liq vaziyatni uzoq tushuntirishga to‘g‘ri kelganini aytdi.

«Xulosa chiqarishga hali erta ekanligini, turbazani saqlab qolishga va uni namunali tog‘-chang‘i kompleksiga aylantirish rejamizni amalga oshirishga hali umid borligini aytdik. Afsuski, umidlar so‘nib bormoqda», – dedi u. 

«Buning ustiga, turbaza allaqachon yopilgani haqida gap-so‘zlar tarqamoqda. Salohiyatli mijozlar bahor-yoz mavsumida turbazaga kelish rejalaridan voz kechishmoqda. Bu faoliyatimizga katta zarar yetkazadi», – deb qo‘shib qo‘ydi To‘xtayev.

Mavzuga oid