Jahon | 21:19 / 01.05.2019
25094
2 daqiqa o‘qiladi

Meteorit katta tezlikda Oyga urilishi qayd etildi (video)

Ispaniyalik astronomlar joriy yil boshida Oyning to‘liq tutilishini kuzatish vaqtida meteoritning Oy sirtiga urilishi natijasida hosil bo‘lgan kuchli chaqnashni qayd qila olishdi. Ta'kidlanishicha, meteorit urilgan joy Lagranj krateri yaqinida joylashgan.

Tadqiqot mualliflari Uelva universitetidan professor Xose Mariya Madedo va Andalusiya astrofizika institutidan doktor Xose L. Ortis hisoblanadi.

Voqea 2019 yil 21 yanvarda yuz bergan. Aynan o‘shanda ko‘plab astronomlar Oyda yuz bergan kuchli chaqnashni qayd qilishgan. Bir nechta teleskopdan to‘plangan ma'lumotlar asosida bu aynan meteoritning to‘qnashuvi ekanligi o‘rnatilgan.

Olimlarning aytishicha, ushbu meteoritning og‘irligi 45 kg, eni 30-60 sm bo‘lgan. Hisoblashlarning ko‘rsatishicha, samo jismining Oyga urilishi vaqtidagi tezligi 61 ming km/soatga teng bo‘lgan. Uning Oy sirtiga urilishidan hosil bo‘lgan portlash kuchi 1,5 tonna trotilni tashkil qilgan. Meteorit Oy sirtida diametri 15 metrcha keladigan krater qoldirgan.

“Bunday yuqori tezlikdagi to‘qnashuvni Yerdagi laboratoriyalarda jonlantirishning iloji yo‘q”, deb aytgan astronomlardan biri.

Chaqnash davomiyligi bor-yo‘g‘i 0,28 soniyani tashkil qilgan. U Oy tutilishi vaqtida suratga olingan tarixdagi ilk chaqnash bo‘ldi.

Mavzuga oid