Senator: «Viloyatlarda maktab binolari yetishmayapti. Kollej binolari esa bo‘sh»
Senatning 19-yalpi majlisida kasb-hunar kollejlarning bo‘sh o‘rinlaridan foydalanish va maktablarda o‘rin yetishmayotganligi xususida so‘z bordi.
Senator Shohida Oripovaning so‘zlariga ko‘ra, 10-,11-sinflarning tiklanganligi hisobiga hozirda ko‘plab maktablarda o‘quvchilar uchun o‘rin yetishmayotganligi kuzatilmoqda. Maktablarning 2, hatto 3 smenada faoliyat ko‘rsatayotganligi holatlari mavjud.
«Kollejlarning 2 gektardan 10 gektargacha maydonlari bor, ko‘pgina binolar bo‘shab yotibdi. Kollej binolarining hech bo‘lmasa 50 foizi xalq ta'limiga o‘tkazilishi kerak», — deydi Oripova.
Yalpi majlisda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturining 2019 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan hisobot bergan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov mazkur masala bo‘yicha izoh berdi.
Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, chindan ham maktablarda o‘quvchilar sonining ko‘pligi, o‘rin yetishmovchiligi holatlari mavjud. Mazkur masala bo‘yicha har bir viloyatdagi holat o‘rganib chiqilgan. Ammo kollejlarning barchasi ham maktabga moslashtirish uchun mos kelmaydi. Joylashuv o‘rni yoki boshqa ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
«Masalaning yana bir jihati bor. O‘rta maxsus ta'lim tizimini ham butkul yo‘qotib yuborish kerak emas. 11-sinfni bitirgan bolaning qo‘lida faqatgina shahodatnoma bo‘ladi. Uning ishga joylashishi muammo bo‘lishi mumkin. Birgina shahodatnoma bilan eng quyi vazifalarda, oddiy qilib aytganda, mardikorlik bilan shug‘ullanishi mumkin.Chunki uning mutaxassisligi yo‘q. Hech qayerga ishga olinmaydi. Shu nuqtai nazardan, ishlab chiqarishga yo‘naltiruvchi kollejlarning ham saqlab qolinishiga ehtiyoj bor. Shuning uchun binolar taqsimotida balansni saqlab qolishga harakat qilyapmiz. Xalq ta'limi, Oliy ta'lim, Mehnat vazirligi o‘rtasida kollejlarni taqsimlash bo‘yicha bir qarorga kelingan. Davlat rahbariga bu yuzasidan hisobot kiritilib, rozilik ham olingan», — deya ta'kidladi Abduhakimov.
Ma'lum qilinishicha, Surxondaryoda viloyatdagi 80ta kollejning 39tasi maktablar uchun berilgan.
«Oliy ta'lim tizimiga ham kollejlar saqlab qolinishi kerak. Chunki hozirda oliy ta'lim qamrovi atigi 9 foiz, bu ko‘rsatkichni 20 foizga yetkazishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi Aziz Abduhakimov.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024