O‘zbekiston | 20:45 / 06.05.2019
14968
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi China Petroleum’dan «O‘zbekneftegaz»ning qarzdorligini sudda isbotlab berishini so‘radi  

«O‘zbekneftegaz»ning 16 mln dollardan ortiq qarzdorligini aytayotgan China Petroleum Technology & Development Corporation (CPTDC) davlat kompaniyasi o‘z da'vosini isbotlashi uchun sudga murojaat qilishi lozim. Bu haqda O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov ma'lum qildi.

Xitoy kompaniyasining Kun.uz tahririyatiga aprel oyida kelib tushgan maktubida «O‘zbekneftegaz» bo‘linmalarining CPTDC (CNPC kompaniyasining sho‘'basi) oldidagi qarzi yettita shartnoma bo‘yicha yuzaga kelganligi aytilgandi. Bildirilishicha, CPTDC ko‘rsatilgan kreditorlik qarzlari qoplanishi bo‘yicha masala o‘zaro tushunish asosida hal etilishi maqsadida ko‘p bora «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi, «O‘zneftgazqazibchiqarish», «O‘zgeoburg‘uneftgaz», «O‘ztashqineftgaz» rahbarlariga xat bilan murojaat qilgan.

Mirzamahmudov «sud munosabatlari tartibi mavjudligini va agarda biror narsa yetkazib berilgan bo‘lsa, qarzini undirishlari mumkin»ligini qayd etdi.

«O‘zbekneftegaz» qarzdor deyish ozgina noto‘g‘ri. O‘zbekiston har doim vaqtida to‘lov qiladi, buni har qanday xalqaro tashkilot tasdiqlashi mumkin. «Lukoyl» bo‘yicha masala (600 mln dollarlik qarz – tahr.) hozirda hal qilinayotgan kechikish bo‘lsa, Xitoy kompaniyasi masalasi esa - agarda yetkazib bergan bo‘lsa, xizmat va uskunalarni kimga yetkazib berishganini isbotlashsin», – dedi Mirzamahmudov. 

CPTDC’ning ta'kidlashicha, korporatsiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham murojaat qilgan. Shundan so‘ng, 2017 yilda tegishli muzokaralar o‘tkazilib, qarzdorlikni qoplash jadvali tuzilgan. Korporatsiya «O‘ztashqineftgaz»ning 4 223 473,44 dollar miqdoridagi qarzini 2019 yilga ko‘chirishga rozi bo‘lgan.

Biroq korporatsiya bayonotida aytilishicha, hozirgi kunga qadar 11 818 482,36 dollar o‘rniga faqat 100 000 dollar o‘tkazib berilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid