Buxoroi şarifning eng köp qiziqişga sabab böladigan obidalaridan biri Sitorayi Mohi Xosa majmuasidir. Mahalliy aholi şunçaki oddiy qilib, uni «Amir Olimxonning daçasi» deb yuritadi. Buning öziga xos sabablari bor: Buxoroning sönggi amiri Sayid Olimxon asosan Eski şahar markazidagi Ark qörğonida istiqomat qilgan. Amir xos mehmonlarni kutib oliş, köngilxuşlik, hordiq çiqariş uçun esa şaharning eng bahavo nuqtasi, markazdan 4 km şimolda joylaşgan Mohi Xosa yozgi saroyini afzal bilgan.

Sitorayi Mohi Xosa forsçada «oyga öxşaş yulduz» degan ma'noni anglatadi.
Qattiqqölligi bilan Buxoro tarixida iz qoldirgan Nasrulloxon (1826 ─ 1860) bu majmuaning dastlabki binolarini qurdiradi. Çunki asosiy qarorgohdan taşqari yozgi saroyga ham ega böliş öz davrida podşohlik uçun qöşimça obro‘ hisoblangan.
Amir Abdulahadxon (1885 ─ 1910) hukmronligi davrida majmua hududida saroy va xuşmanzara boğ barpo etiladi. Peterburgda tahsil olgan Amir Olimxon esa (1910 ─ 1920) yangi saroy qurdiradi va unda köhna Buxoroning boşqa tarixiy obidalaridan farqli ravişda ğarb andozalari, rus arxitekturasi elementlaridan foydalanadi. Buxorodagi aksar tarixiy obidalarda gulsimon, yozuvni yodga soladigan naqşlar faol qöllanilgan bölsa, Mohi Xossa bezaklari Yevropa Renessansining mozaikalarini eslatadi.

Majmuaning eng diqqatga sazovor qismlaridan biri — Oq zal. Unda haşamatli ballar, rasmiy qabullar taşkillaştirilgan.
Şahar sovetlar tomonidan mustamlakaga aylantirilgaç, 1927 yilda majmua muzey vazifasini bajara boşlaydi.
Hozir ham bu obida badiiy-amaliy hunarmandçilik muzeyi sifatida mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarning diqqat markazida.
Muzeyda XX asr avvaliga taalluqli eksponatlar bor: Xitoy çinnisi, amir va uning harami foydalangan kiyim-keçaklar, öz davri uçun öta zamonaviy hisoblangan mebel jihozlari, Yevropa madaniyatini eslatuvçi idiş-tovoqlar...

Xonani isitiş uçun foydalanilgan peçka va XX asr avvali uçun noyob hisoblangan taqvim eng ğaroyib eksponatlar sanaladi.











