O‘zbekiston | 22:35 / 14.05.2019
95951
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hokimi nima uchun Ahmet Demir «Chorsu» mehmonxonasini qura olmasligini aytdi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Alter Ego dasturida intervyu berdi va Ahmet Demir shug‘ullanayotgan «Chorsu» mehmonxonasini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida fikr bildirdi.

Ahmet Demir
Foto: Halq so‘zi

«Demir O‘zbekistonga ikkinchi marta kelganida «Chorsu» mehmonxonasiga 30 mln dollar investitsiya kiritishini aytdi. Biz mehmonxonani unga tekinga berdik. O‘shandan buyon ikki yil o‘tdi, hech narsa qilinmadi. Men Demir bilan bir necha marta gaplashdim. U menga «Chorsu» va ikki gektar yer berishdi, menga yana uch gektar yer kerak deydi. Hozirda bu hudud «Jar» sport majmuasiniki. Unga avval hech bo‘lmasa mehmonxonaning old qismini bitkaz, keyin ikkinchi bosqichni muhokama qilamiz dedim», - dedi Ortiqxo‘jayev.

Shahar hokimining aytishicha, Demir go‘yoki qurilish uchun 30 mln dollar ajratishga tayyor qandaydir Amerika kompaniyasi bilan gaplashibdi. Buning ustiga, noma'lum investorlarga ikki emas, besh gektar yer kerak ekan.

«Investitsion maqsadlarda bepul ajratilgan yerni garov evaziga allaqanday Amerika kompaniyasiga berib yuborishga uning haqqi yo‘q. U buni tushunmayapti. O‘ylashimcha, uning puli yo‘q. U qandaydir xayollar bilan boshida bu binoni olgan, ammo qo‘lidan hech narsa kelmayapti», – dedi Ortiqxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan G‘ulomov Ahmet Demir «Chorsu» mehmonxonasi bo‘yicha o‘z investitsiya majburiyatlarini hamon bajarmaganligini ma'lum qilgandi

Demir Group kompaniyasi 2017 yil sentyabrida «Chorsu» mehmonxonasi binosini kamida 33 mln dollar miqdorida investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan nol xarid qiymatida sotib olgandi. Biroq G‘ulomovning so‘zlariga ko‘ra, investor «hech narsa qilmagan».

«To‘rt yulduzli mehmonxona va'da qilishgandi, katta va'dalar berilgan, 30 million xorijiy investitsiyalar aytilgan. Natijani ko‘ryapmiz. Va'dani bajarish o‘rniga, o‘zbek banklari pul bermagani, shuning uchun muddatlar kechikayotgani haqida gapirmoqda. Bu yerda o‘zbek banklarining nima aloqasi bor? Investor majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan», - degandi G‘ulomov.

Avvalroq, turkiyalik tadbirkor garchi mehmonxona bu yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lsa-da, hamon bir qator muammolarni hal qila olmayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid