Light | 20:26 / 17.05.2019
9549
4 daqiqa o‘qiladi

Kopengagenda velosiped tantanasi: daniyaliklar tirbandliklar ustidan g‘alaba qozonib, velosipedlarga qanday o‘tgani haqida

Avtotransport sonining ko‘payishi XXI asrda barcha yirik shaharlarning haqiqiy muammosiga aylangan. Yo‘llardagi doimiy tirbandliklar ishga kech qolishga olib keladi, ko‘p vaqt oladi, eng yoqimsiz jihati – havoga qo‘shimcha ifloslantiruvchi moddalar manbai bo‘lib xizmat qiladi. Moskva, Tokio, Kopengagen, San-Paulu - bu megapolislarning barini avtotransportning ko‘pligi bilan bog‘liq yagona umumiy muammo birlashtiradi. Yuzlab muhandislar va geourbanistika mutaxassislari shahar hayotini yanada qulay va sifatli qilish, asosiy avtomagistrallardagi harakatni kamaytirish va megapolisga nafas olish imkonini berish ustida bosh qotirishmoqda. Avtotransport muammosini to‘liq hal etgan dunyo poytaxtlaridan biri Kopengagen hisoblanadi.

Foto: TravelAsk
Kopengagenda velosipedlar, hatto, qish faslida ham urfda

Bu aql bovar qilmas bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq Daniya poytaxti o‘z aholisini velosipedlardan foydalanishga o‘rgata oldi. Mazkur shaharda velosipedchilar Yevropaning boshqa joylaridagiga qaraganda ko‘proq. Masalan, Xitoyda velosipedlarni sevish hozirgi vaqtdagi iqtisodiy sabablarga bog‘liq bo‘lsa, daniyaliklar ikki g‘ildirakli transport vositasini ekologiyaga zarar keltirmasligi, ishga borish vaqtida tonggi mashqlarni bajarish imkoniyati, shuningdek, soni tobora ortib borayotgan velosipedchilar hamjamiyatiga qo‘shilish usuli sifatida yoqtiradilar. Bularning bari avtoulovlarni velosipedga aylantirishga hissa qo‘shgan dastur yordamida amalga oshirildi.

Foto: TravelAsk
Kopengagendagi ko‘p sonli velosiped to‘xtash joylaridan biri

Kopengagenda velosipedchilar va ularning yo‘llarda qulay yurishiga katta e'tibor qaratilgan. Ular uchun butun shahar bo‘ylab velosiped yo‘llari tarmog‘i va velosiped to‘xtash joylari tashkil etilgan bo‘lib, shaharning istalgan burchagiga xavfsiz yetib olish ta'minlangan. Mazkur shahardagi velosipedlar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘llar 400 kilometrga yaqin masofani tashkil etadi. Bundan tashqari, metroda velosipedli yo‘lovchilar uchun maxsus vagonlar ham mavjud. Shaharning markaziy qismida esa avtomobilda kirish man etilgan ko‘plab ko‘chalar bor. Biroq velosipedchilar uchun bu yerda yo‘lkalar yotqizilgan, to‘xtash joylari tashkil etilgan. Shahar bo‘ylab ikki g‘ildirakli harakatlanish vositasi egalariga xizmat ko‘rsatuvchi ijara va servis markazlar tarmog‘i ishlab turibdi. Statistikaga muvofiq, Daniya poytaxtining 50 foizga yaqin aholisi ishga yetib olishda transport sifatida velosipeddan foydalanadi. An'anaviy velosipedlardan tashqari, bu yerda oilaviy yuk velosipedlari, aravachali velosipedlar, ovqat tashish xizmati xodimlari uchun aravachali velosipedlar keng tarqalgan. Hatto politsiya xodimlari ham velosipedda yurishadi.

Foto: TravelAsk
Bolalar kichik yoshdanoq velosipedli hayotga o‘rgatiladi
Foto: TravelAsk
Bu kabi yosh velosipedchilar ham uchraydi
Foto: TravelAsk
Shunday modellar ham borki, ularda bir vaqtning o‘zida to‘rt nafar yosh yo‘lovchini olib yurish mumkin

Albatta, daniyaliklar velosipedga o‘tishni iqtisodiy chora-tadbirlar yordamida amalga oshirishmoqda. Mamlakatda shaxsiy avtomobilga egalik qilishga katta soliq solinadi.

Foto: TravelAsk
Velosipedlarda tejamkor yoshlar ham, o‘ziga to‘q fuqarolar ham harakatlanishadi.

Mavzuga oid