Bosh vazir Parkentda tadbirkorlarni qabul qildi
Toshkent viloyati Parkent tumanida bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi tashkil etildi. Bugun, 19 may kuni bosh vazir Abdulla Aripov qabulxona faoliyati bilan tanishdi va shu yerning o‘zida bir guruh tadbirkorlarni qabul qildi.
Kun.uz manbasining xabar berishicha, qurilish-ta'mirlash ishlarida foydalaniladigan maxsus texnika vositalarini chetdan olib kirish, dorivor giyohlar yetishtirish va tayyorlash uchun yer maydoni ajratish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma olish singari masalalarda yuzaga kelayotgan ayrim muammolar bo‘yicha jami 11 murojaat qabul qilindi hamda shundan 8 tasi joyida o‘z yechimi topgan bo‘lsa, 3 tasiga tushuntirish berildi.
“Albatta, bu hali boshlanishi. Agar mazkur mexanizmni to‘laligicha ishlata olsak, tadbirkorlarning muammolarini, masalalarini shunday hal qilolsak, umid qilamanki, ko‘zlagan maqsadimizga albatta erishamiz”, dedi bosh vazir.
Tadbirkorlar qabulxonasi faoliyati bilan tanishish chog‘ida Adliya vaziri Ruslan Davletov qabulxonani tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumotlar berdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov "business.gov.uz" yagona interaktiv portali loyihasini taqdim etdi.
Bosh vazir tadbirkor va investorlarga yanada qulay bo‘lishi, ularning vaqt yo‘qotmasligi va sarson bo‘lmasligi uchun portal dizaynini oddiy va sodda ko‘rinishga keltirish, uning mobil ilovasini yaratish, video murojaat yo‘llash tizimini yo‘lga qo‘yish, eng ko‘p ko‘tariladigan mavzular va hududlar tahlilini muntazam yuritish singari texnik va tashkiliy masalalar yuzasidan topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan tadbirkorlarning, jumladan, chet ellik investorlarning muammolarini hal etish uchun hududlarda bosh vazirning qabulxonalari tashkil etilmoqda.
Tavsiya etamiz
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
Isroil Suriyani bombaladi. Turkiya nega sukutda?
Jahon | 12:44 / 06.05.2025
May oyida vodiyda me’yorga yaqin harorat kutiladi, mamlakatning katta qismida oy xuddi iyun kabi o‘tadi
O‘zbekiston | 11:17 / 06.05.2025