O‘zbekiston Xalqaro kinokomissiyalar assotsiatsiyasining rasmiy a'zosiga aylandi
19 may kuni Marche du Film kinobozorida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ochilgan milliy pavilonda Xalqaro kinokomissiyalar assotsiatsiyasi (AFCI) prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi ushbu nufuzli xalqaro assotsiatsiyaga a'zo bo‘ldi.
AFCI prezidenti Jyess Konoplia Markaziy Osiyoda birinchi hisoblangan O‘zbekiston milliy kinokomissiyasiga a'zolik sertifikatini topshirdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning xorijiy kinoloyihalarni amalga oshirish (koprodakshn) salohiyati hamda kinolokatsiyalari jozibadorligi taqdim qilindi. Bundan tashqari, assotsiatsiya bilan istiqbolli hamkorlik ham muhokama qilindi.
AFCI’ga a'zo bo‘lish bilan O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi butun dunyodagi kinokomissiyalar ma'lumotlari bazasiga kiritiladi, jahonning eng yirik prodyuserlari va kinokompaniyalari shu assotsiatsiya orqali O‘zbekistonni suratga olish uchun manzil sifatida kashf qiladi.
Undan tashqari, mahalliy kinomutaxassislar o‘z tajribalarini oshirishlari uchun xorijiy konferensiya va o‘quv mashg‘ulotlariga jalb qilinishadi.
Ma'lumot uchun, shtab kvartirasi AQShning Los-Anjyeles shahrida joylashgan Xalqaro kinokomissiyalar assotsiatsiyasiga (AFCI) dunyodagi 300dan ortiq kinokomissiyalar a'zo bo‘lgan. Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib AFCI’ga a'zo bo‘lgan O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hammuassisligida tashkil qilingan edi.