O‘zbekiston | 20:24 / 20.05.2019
48854
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat bojxona qo‘mitasining sobiq rahbari Muidjon Tohiriy uch yarim yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi 16 may kuni O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining sobiq raisi Muidjon Tohiriyga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» o‘z axborot manbasiga tayanib.

Xabar qilinishicha, Muidjon Tohiriy Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207 (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 209- (mansab soxtakorligi) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

“Sud bojxona mahkamasining sobiq rahbariga jazoni manzil-koloniyada o‘tashni ko‘zda tutuvchi 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish hamda 3 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda EKIHning 400 baravari (81,1 mln so‘m) miqdorida jarima jazolarini tayinladi”, deyiladi xabarda.

Muidjon Tohiriyning qo‘lga olingani 2018 yil dekabrida ma'lum bo‘lgan edi. U DBQ rahbari lavozimida 2016 yil dekabridan 2018 yil fevraliga qadar faoliyat ko‘rsatgan.

2006−2008 va 2011−2016 yillarda Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi — DXX) raisi o‘rinbosari, 2013 yildan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan.

Mavzuga oid