O‘zbekiston | 21:34 / 20.05.2019
15067
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Avval berilgan topshiriqlarga muvofiq Toshkent shahrida amalga oshirish uchun umumiy qiymati 617 million AQSh dollaridan ziyod 19 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu loyihalarning barchasi sanoat sohasida bo‘lib, ular natijasida 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Har yili qariyb 1 milliard dollarlik bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 290 million dollardan ziyod eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Loyihalar qo‘shilgan qiymati va mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Keng turdagi maishiy texnikalar, lift va eskalatorlar, nasoslar, suv isitgichlar, qog‘oz va qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, zargarlik va shisha tovarlari shular jumlasidandir.  

Investor va tashabbuskorlar o‘z loyihalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Ushbu korxonalar Toshkent mexanika zavodining hozirda foydalanilmayotgan bino va maydonlarida tashkil etiladi. Ular 2019-2020 yillar davomida ishga tushiriladi.

Prezident ushbu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish,  aholini ish bilan ta'minlash jihatidan muhimligini ta'kidlab, ularni tezroq ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mutasaddilarga xaridorgir sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati kamida 1 milliard dollar bo‘lgan qo‘shimcha loyihalar shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid