Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- mamlakatning energetika xavfsizligini mustahkamlash, yoqilg‘i-energetika balansining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr, issiqlik energiyasi va biogaz ishlab chiqarishga doir qismini diversifikatsiyalash;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalarni, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya jihatdan samaradorligini oshirishni, ularning ishlab chiqarilishini kengaytirishni va mahalliylashtirishni rag‘batlantirish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning sinab ko‘rilgan texnologiyalari asosida energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga tadbirkorlik sub'yektlarini jalb etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlaydi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek ilmiy-texnikaviy yutuqlarni targ‘ib qilish uchun sharoitlar yaratadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi.
Vazirlar Mahkamasi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida o‘z vakolatlari doirasida:
- Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentini;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosatini;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini yuritish tartibini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Energetika vazirligi:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi texnik reglamentlarni, normalar va qoidalarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning bajarilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
- Vazirlar Mahkamasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida narx va tarif siyosatiga doir masalalar yuzasidan takliflar kiritadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobini yuritadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnikaviy ishlanmalar joriy etilishiga ko‘maklashadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosatini takomillashtirish asosida amalga oshiradi;
- iqtisodiyot tarmoqlariga va maishiy sektorga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi resurslarni va energiyani tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.