AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda Eronga qarshi urush qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yozdi.

«Eron biz bilan urushmoqchi bo‘lsa, bu ular uchun yakun bo‘ladi. AQShga tahdid qilish yaxshilikka olib kelmaydi», dedi Tramp urush bo‘lsa, AQSh Eronni kunpayakun qilajagiga ishora qilib.

Bu ikki davlat bir-birini har xil chiqishlar orqali qo‘rqitishni xush ko‘rishadi.

Sarlavhada Eron va AQSh o‘rtasida allaqachon urush ketayotgani aytildi. Bu bo‘rttirish emas. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning tarangligiga boshqacha nom berish qiyin. AQSh Eronning terrorizmga homiylik qilayotgani va bu davlatdagi yadro quroli insoniyat uchun xavfli ekanini aytib, turli sanksiyalar qo‘llab kelsa, forslar AQShning agressorligini iddao qilishadi. Boshqa frontlarda davom etayotgan urush qurolli to‘qnashuvga aylanishini kutish mumkinmi? Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Tramp Eronning yadro quroli ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Shu bilan birga, AQSh yetakchisi Eron bilan urush holati yuzaga kelishi mumkinligini istisno qildi.

«Men urush kovlaydiganlardan emasman. Urush bo‘lishi xohlamayman, chunki u iqtisodga katta zarar keltiradi. Bundan tashqari, urushda odamlar o‘ladi va bu eng yomoni», dedi Tramp Fox News kanaliga intervyu berar ekan.

Ammo uning harakatlari vaziyatni yumshatishga xizmat qilmayotgani ham bor gap. Masalan, AQSh Fors ko‘rfazidagi harbiy kemalar sonini oshirgani yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi aniq.

Shu o‘rinda Eron ham urushni xohlamaydi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri bu borada Eronning pozitsiyasini kiborlik bilan e'lon qilingan bayonotida ma'lum qildi: «Urush bo‘lmaydi, chunki biz buni xohlamaymiz. Mintaqada biz bilan ziddiyatga borishga jazm qiladiganlar yo‘q».

Vaziyat nega taranglashdi?

Eronning yadro quroli uchun xomashyo hisoblangan uran qazib olish va uni boyitishni tiklashini ma'lum qilgani ikki mamlakat munosabatlarini yomonlashtirdi. Bundan tashqari, Fors ko‘rfazining BAA hududiy suvlarida turgan 4ta tanker noma'lum tomonning hujumiga uchradi. Bu voqealardan bir necha kun avval AQSh Eronning savdo kemalariga hujum qilishidan ogohlantirgandi. Bu voqealar AQSh Eron bilan yadro kelishuvidan chiqishi ortidan sodir bo‘ldi.

Iroqlik harbiylar 19 may kuni ko‘rfaz tomondan Iroq hududiga raketalar uchib kelganini ma'lum qilishdi. Raketalar Bag‘doddagi AQSh elchixonasi yonidagi bo‘sh yerga borib tushgan. Bu raketalar nima maqsadda otilganini tushunish qiyin emas.