«Barcha to‘siqlar olib tashlandi». Navoiy erkin iqtisodiy zonasi direktori bilan suhbat
Kun.uz muxbiri Navoiy erkin iqtisodiy zonasi direktori Habib Abdullayev bilan suhbat uyushtirdi. Direktor ko‘p yillar davomida erkin iqtisodiy zonalarda ayrim to‘siqlar mavjud bo‘lgani va bu Navoiy EIZga investitsiya olib kirish uchun katta g‘ov bo‘lgani, hozirda bunday to‘siqlar olib tashlangani haqida aytib berdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
— Erkin iqtisodiy zona tushunchasining ma'nosi qanday? EIZ o‘zida nimalarni mujassam etadi va ularning yutuq taraflari nimada?
— Erkin iqtisodiy zonalar deb, ba'zida maxsus erkin iqtisodiy zonalar deyiladi, belgilangan hududda alohida qoidalar, masalan, soliq, bojxona, ma'muriy imtiyozlar yuritilishiga aytiladi. Ma'nosi shundaki, hudud ichidagi kompaniya bir necha yutuqlariga ega. Tabiiyki, bu osongina bo‘ladigan ishlar emas. Albatta, biror maqsad bilan amalga oshiriladi. Maqsad mamlakatni rivojlantirishga qaratiladi. Bunda biror sohani rivojlanirishni ham ko‘zda tutishi mumkin. Bizning holatda esa gap butun kompleks haqida ketadi. Navoiy EIZda soliq bo‘yicha imtiyozlar, bojxona to‘lovlaridan ozod etish, soddalashtirilgan ma'muriy protseduralar, yengillashtirilgan immigratsiya masalalari nazarda tutilgan.
— Hozirgi kunda Navoiy EIZda qanday korxonalar faoliyat yuritmoqda?
— Navoiy erkin iqtisodiy zonasi universal tarzda bo‘lib, har qanday yo‘nalishda korxonalar faoliyat yuritishi mumkin. Asosan yuqori texnologiyali, innovatsion, import o‘rnini bosuvchi, eksportga mo‘ljallangan loyihalar ustuvor hisoblanadi. Albatta, hududga kirayotgan korxona ham bir mantiqqa asoslanadi. Bizning hududda asosan qazib chiqarish, mineral resurslarni qayta ishlash ishlari olib boruvchi korxonalar faoliyat yuritadi. Navoiy resursga boy viloyat hisoblanadi. Bu resurslarni yer qa'ridan qazib chiqarish uchun yuqori texnologiyali ishlab chiqarish zarur. Maqsad xomashyoni emas, uni ishlab chiqarish bo‘ladi. Yuqori aytganimdek, yuqori texnologiyali, innovatsion, import o‘rnini bosuvchi, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar bo‘lishi lozim. Oddiy misol, qurilish materiallarini olaylik. Turli-tuman xomashyoni talab qiladi, mahsulot assortimenti ham juda keng. Qurilish ishlaridagi «portlash» faqatgina bizda emas, boshqa O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarida ham ketmoqda. Rossiya ham bir katta bozor. Mahsulotlarimizdan marmarni misol qilsak, bizda juda sifatli marmar qazib olinadi. Bizning marmar dunyo miqyosida o‘z o‘rniga ega. Buni qazib olish, unga ishlov berish, tayyor mahsulot holiga keltirish - hammasi yaxlit bir jarayon. Bu ishlab chiqarish uchun esa investitsiya juda zarur. Qimmatbaho uskunalar, mutaxassislar zarur. Hozircha bu masalalarda muammolar bor. Lekin salohiyat juda yuqori. Aynan marmar masalasida bizga xorijlik hamkorlar zarur. Bu bo‘yicha davlat tomonidan imtiyozlar ajratilgan.
— Bir necha kunlar oldin Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zona sifatida e'tirof etuvchi Prezident farmoni imzolandi. Nega aynan Navoiy viloyati bunday maqomga ega bo‘ldi?
— Yangi farmon bo‘yicha butun Navoiy viloyati erkin iqtisodiy zonasi maqomiga ega bo‘ldi. Oldinlari hudud alohida bir joyga ajratilgan va atrofi o‘rab qo‘yilgan. 560 gektar joy bu maqomda bo‘lgan. Bugungi kunda holat keskin o‘zgargan. Bugun xorijlik investor Navoiyning xohlagan joyiga o‘z korxonasini joylashtirish mumkin. Asosiysi yuqoridagi talablar doirasida bajarilsa bo‘lgani. Shu kungacha bo‘lgan hudud bir kichik ko‘rinishda edi. Avvalari, EIZ a'zosi bo‘lishdan hech qanday ma'no kasb etmasdi. Chunki imtiyoz olish uchun uzoq masofadan yuk ortib kelish hech kimga foyda keltirmasdi. Hozir hech qanday cheklov mavjud emas. Endi yukni tashib yurishga hojat yo‘q. Nafaqat qurilish mollari, balki xo‘jalik mollarini ham aytsak bo‘ladi. Bu ham nozik masala hisoblanadi. Investorni aynan shu hududda biznesingni tashkil qil deb ayta olmaymiz. Ishlab chiqarish jarayoni bunga yo‘l qo‘ymaydi. Mana yangi farmon shu turdagi barcha to‘siqlarni olib tashladi. Bu albatta investitsiya oqimini yana ham oshiradi.
— Yangi farmonga ko‘ra, Navoiy erkin iqtisodiy zonasi rahbariyatining funksiyasi qanday? Qaror qabul qilish jarayoni qanday?
— Misol tariqasida, EIZ a'zosi bo‘lish avvallari Toshkent bilan muhokama qilinar edi. Toshkent hal qilar edi. Hozir bu vakolat viloyatlarga berilgan. Protsedura hozir juda oddiy. Investor oddiy hujjatlar to‘plamini tayyorlaydi va direksiya ixtiyoriga taqdim etadi. Shundan so‘ng, ma'muriy kengash oxirgi qarorni beradi. U yerda ham to‘xtalishlar bo‘lmaydi. Taxminan 1 hafta vaqt ketadi. Ushbu farmon qabul qilingandan so‘ng, 1 kunning o‘zida avval rad javob olgan 7ta kompaniyadan murojaat tushdi. Bu farmonni hamma kutgan edi. Ushbu hujjat investorlar qo‘rqadigan ba'zi qat'iy qarorlarni bekor qildi.
— 2017 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tanqid qilgan edi. O‘shandan beri qanday ijobiy yoki salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?
— Tanqid to‘g‘ri bo‘lgan. Bizning holatimizda olaylik, 2009-2016 yillar oralig‘ida jami 22 loyiha bajarilgan va 124 million dollarni tashkil qilgan. Bu juda ham oz. Davlat tomonidan qilingan xarajatlarni hisoblasa qoniqarli raqamlar chiqmaydi. 2017-2018 yillarning o‘zi 35ta loyiha va 173 million dollarni o‘z ichiga oldi. 8 yil ichida 22ta loyiha (124 million dollar) bo‘lsa, 1 yil ichida 35ta loyiha (173 million dollar) amalga oshirildi.
— Yangi Prezident farmoniga nazar tashlansa, investitsiya jalb qilish masalasiga alohida urg‘u berilgan. Shu sababli, qanday loyihalar ilgari surilmoqda? Yaqin va uzoq istiqboldagi rejalar qanday?
— Navoiy EIZda loyihalar, investitsiya jalb qilish uchun hech qanday alohida bir o‘lchov yo‘q. Lekin birinchi galda foydali qazilmalarni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, farmatsevtika kabi eksportga yo‘naltirilgan sohalarga e'tibor qaratish lozim. Chunki bizda eksport qilish uchun yirik salohiyat mavjud. Buni yuqori standartlar darajasiga yetkazish kerak. Jahon darajasida raqobat qila oladigan bo‘lishi lozim. Standart faqatgina ishlab chiqarishda emas, mahsulotni o‘rash, saqlash, markirovkalash kabi texnologik jarayonlarga ham albatta xorij investitsiyasi va tajribasi zarur. Shuningdek, energiya manbalari masalasida ishlar qilinishi lozim. Bu bo‘yicha qonunchilikda baza yaratildi.
Elektr uskunalar, mashinasozlik kabi sohalarga doim alohida e'tibor qaratamiz. Rejalar masalasiga kelsak, rejalar o‘ta ehtiyotkorlik bilan qilinishi lozim. Investitsiya jalb qilish masalasida eng asosiy rol bu ishonchdir. Hozir chet el investitsiyasi uchun qulayliklar yaratilmoqda. Imtiyozli shartlar tuzilgan. Erkin konvertatsiya, foyda repatriatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. Bizning qonunchilik jahonda o‘rnak bo‘la oladi. Biroq ishonch borasida muammolar mavjud. Hozir hammasi o‘zgardi, lekin investorlarda doimo hadik bo‘ladi. Jarayon tezlashayotgani sababli, balki bir yil ichida investorlar o‘zini xavfsiz, qulay va yuqori istiqbolga erishuvchi sifatida ko‘ra boshlaydi. Kelajakka optimistik qaramoqdamiz. Milliard dollarlarni reja qilganmiz.
Yaqin istiqboldagi rejalarda o‘zgarishlarni yetkazishdir. Chunki informatsiya yetishmovchiligi hali ham mavjud. Asosiysi qanday qilib informatsiyani yetkazishni va qaysi kanallar bilan amalga oshirishni bilamiz.
O‘rta istiqboldagi rejalarda hududda sohalar bo‘yicha klasterlar tashkil qilishni ko‘zda tutganmiz. Bularni avval yo‘lga qo‘yish, so‘ngra uni rivojlantirishni o‘ylash lozim.
— Hujjatda kadrlar siyosatiga kuchli e'tibor qaratish ko‘zda tutilgan. Sohada kadrlar masalasida muammolar mavjudmi?
— Buni ikki yo‘nalishda hisobga olish lozim. Birinchi galda investor bilan ishlash, uni ishontirish uchun maxsus bilim lozim. Lekin bu qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning «dengizdan tomchisi» desak bo‘ladi. Tub mohiyatiga e'tibor qaratsak, bizga minglab mutaxassislar zarur. Ular turli soha mutaxassislari bo‘lishi mumkin. Bizga zamonaviy bilimga ega, mahsulotni jahonga olib chiquvchi kadrlar kerak. Bunday keng hajmda mutaxassis tayyorlash uchun hozir vaqt juda kam. Dunyo hozirda juda tezlik bilan o‘zgarib bormoqda. Diplomga ega bo‘lish boshqa, layoqatli bo‘lish boshqa. Layoqatli kadr bo‘lish uchun ilm olish jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soha bilan birgalikda olib borilishi lozim. Yo‘qsa samaradorlik pasayib ketadi. Menimcha, qisqa muddatda intensiv tarzda o‘qishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
— Navoiy EIZning kelajagini qanday ko‘rasiz?
— Optimistik qarashlar bilan albatta. Navoiy EIZni chiroyli yo‘llar, infratuzilmalar, muvaffaqiyatli korxonalar bilan ko‘z oldimga keltiraman. Navoiy hozir sanoat tarafdan kuchli bo‘lishi mumkin, lekin uning salohiyati 10-15 foizga o‘zlashtirilgan deb hisoblayman. Kelajakda bu raqamlar yuqorilaydi.
Mavzuga oid
16:56 / 05.11.2019
Navoiy EIZ da O‘zbek-Xitoy farmatsevtika zavodi qurilishi boshlandi
09:00 / 22.07.2019
«Navoiy» EIZda «AKFA PRODUCTION FACILITIES» eksport geografiyasini kengaytirmoqda
21:40 / 23.06.2019
Xorijlik jurnalistlar «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi bilan tanishtirildi
08:00 / 29.01.2019