O‘zbekiston | 17:31 / 22.05.2019
106533
12 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2019: Test savollari qanday tuzilyapti? 

Foto: KUN.UZ

2018/19 o‘quv yilida abituriyentlar —  akademik litsey, kasb-hunar kollej va maktab bitiruvchilari turli dastur bo‘yicha tahsil olganliklari sabab OTM qabul bo‘yicha kutilayotgan sinovlarda aynan qaysi darsliklar bo‘yicha test savollari tuzilishi bo‘yicha savollar ko‘paydi. Masalan, qaysi o‘quv rejasiga tayanib testga tayyorlanishlari kerak? Ko‘pchilik o‘qituvchi va repetitorlarning o‘zlari ham «o‘quvchim imtihonda bilmay qolmasin»  degan shubha va taxminlarga asoslanib, ba'zi talab etilgan darsliklarga qo‘shimcha, boshqa ta'lim muassasasining darsliklarini o‘qitishga yoki o‘rniga o‘rta maxsus ta'lim muassasasining darsligini o‘qitishga majbur bo‘lishyapti.

Vaziyat shunday ekan, abituriyent o‘zi kirmoqchi bo‘lgan oliy ta'lim muassasasi mutaxassislik fani bo‘yicha barcha o‘rta maxsus darsliklarini o‘qib chiqqan bo‘lib, lekin imtihon payti ma'lumotlar xilma-xilligiga uchrasa, qaysi javobni belgilashi kerak bo‘ladi? Imtihongacha oz vaqt qolgan bo‘lsa-da, haligacha ba'zi fanlardan test savollari tushish yoki tushmasligi haqida aniq ma'lumot yo‘q bo‘lsa, imtihonda abituriyent tayyorlanmagan fanidan savol tushib qolsa, u dardini kimga aytadi?

Ushbu noaniq bo‘lgan qarashlar va muammolarni o‘rganish uchun o‘rta maxsus ta'lim muassasalaridagi o‘qituvchi, o‘quv markazlaridagi repetitor va turli ta'lim muassasalari bitiruvchilari fikri bilan qiziqdik.
«Diplomat»  o‘quv markazining biologiya fani o‘qituvchisi Ilhomjon G‘ulomov:

«10-, 11-sinflar uchun yangi darsliklar nashr etilganligi sababli o‘quvchi-abituriyentlarda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Biz o‘qituvchilar qaysi kitobni o‘qitishga o‘ylanib qolyapmiz. Davlat test markazining xabarlariga ko‘ra, barcha darsliklar ya'ni, kasb-hunar kollej, akademik litsey va maktab o‘quv qo‘llanmalaridan test savollari tuziladi. Biologiya fanidan akademik litsey va kollejlarga bitta darslik taqdim etilgan bo‘lib, shularni o‘qitamiz, lekin maktab o‘quv qo‘llanmasi hali yangi bo‘lganligi uchun undan savol tushmasa kerak, deb taxmin qilyapmiz. Shu fanning o‘n-o‘n birinchi sinf darsligining ba'zi joylarga yangi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, agar litsey o‘quvchisiga maktabdan savol tushib qolsa va o‘quvchiga tanish bo‘lmasa,unda bizning aybimiz bo‘lib qoladi, deb iloji boricha o‘sha o‘zgartirishlarni ham qo‘shib o‘qitishga harakat qilyapmiz. Shundan o‘zimiz ham xavotirdamiz, chunki aniq ma'lumotga ega emasmiz, bu tomonda imtihonga oz vaqt qoldi».  

Javlon Toshboyev, tarix fanidan o‘qituvchi:

«O‘quvchilarimga ikkala kitobning kesishgan bir xil joyini belgilab o‘qityapman. Ikkita darslik kitoblarini bir xil bo‘lgan ma'lumotlarini o‘zim belgilab chiqib, alohida dastur tayyorlaganman va shundan dars o‘taman. DTM rahbari Majid Karimov shu muammo bo‘yicha savolga, akademik litsey, kasb-hunar kollej va maktab darsliklarining har biridan alohida ajratib tuzishga imkon yo‘q, lekin testlar barcha darsliklarning kesishgan, ya'ni hamma darsliklarda mavjud bo‘lgan ma'lumotlardan test savollari tuziladi, degan edi. Lekin bu haqida rasmiy ma'lumot berilmagan.

Qamariddin  Usmonov, Moyli Lafasov  darsliklarini yangi o‘n-o‘n birinchi sinflar darsligi bilan solishtirib, alohida qo‘llanma qilayotgan edim. Ammo shunchaki buni o‘quvchiga berib o‘qitganimiz bilan o‘quvchi nimani o‘qib yodlayotganligini o‘zi bilmay qoladi, chunki kesishgan ma'lumotlarni tanlab beramiz. 

Masalan, bir o‘quv markazi faqat Moyli Lafasov darsligini, boshqasi esa faqat 10-11-sinf darsliklarini to‘liq o‘qityapti. Har bir o‘qituvchi o‘zining eshitganlari yoki taxminlariga qarab o‘z o‘quvchilarini imtihonga tayyorlayapti.

Shuningdek, bu yildan tarix test savollarida xaritalar ham tushishi aytilgan edi. DTM saytida berilgan xaritalar bilan tanishdim, u xaritani o‘quvchi tushunib yodlashi juda qiyin. Umumiy nom ostida biror davlat o‘rnida yuzaga kelgan shaharni hozirgi xaritaga moslab, soddaroq, namunaviy qilib tuzilsa, eplashi mumkin. «Ma'rifat»  gazetasi tarix fanidan xaritalar bo‘yicha namuna savollarni chop etishi haqida xabar bergandi, ammo hali chiqmadi biz kutyapmiz». 

Akademik litsey tarix o‘quvchisi Abdusalomov Abdulloh:

«Litsey darsligini odatda o‘qiymiz, repetitorda 10-11-sinf, kasb-hunar kollejlar darsliklarini ham qo‘shib o‘rganyapmiz. Bu darsliklarda bir-ikki yil farq qiladigan ma'lumotlar mavjud, asli bitta fakt, lekin ikkita darslikda ikki xil yozilgan. Uni farqini bilish uchun ham ikkala kitobni o‘qigan bo‘lish kerak. Bir kitobda ko‘rgan ma'lumotni yodlaymiz, keyin boshqa kitobdagi farqini ko‘rib, qaysi biri to‘g‘riligini bilmay ko‘p chalg‘iymiz. Bu fanning barcha kitoblarini o‘qishga ko‘p vaqt ketadi, bundan tashqari boshqa fanlarga ham tayyorlanish kerak». 

Kasb-hunar kollej bitiruvchisi Mo‘minov Muhammadshohid:

«Matematikadan repetitorimiz DTM bilan bog‘langanida, litsey, kollej va maktab darsliklarida bir xil bo‘lgan mavzulardan savol tushadi, deb aytishgan. Shunga darsliklarning barchasida mavjud bo‘lgan mavzularnigina o‘qiyapmiz». 

Muattar Lutfullayeva, Yuridik kasb-hunar kollejida ona tili fanidan dars beradi:

«Kasb-hunar kollejda «o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari uchun ona tili va adabiyot»  darsligi bor, biz shundan o‘rganamiz. Darslik 80 soat, bir yillik kursga mo‘ljallangan bo‘lib, jadvalga muvofiq, haftada bir juftlik dars qo‘yilgan. Albatta, o‘quvchilar kollej darsligining o‘zi bilan kirish imtihoniga tayyorlana olmaydi, chunki ajratilgan dars soati juda kam, shuning uchun qo‘shimcha repetitorlarga borishga majbur bo‘lishadi». 

Shoxjahon, Smart Education o‘quv markazi matematika o‘qituvchisi:

«Matematika fanidan abituriyentlarni imtihonga tayyorlayman, matematikani ichida informatikadan ham savollar tushadi. O‘quvchiga matematikaga tayyorlanish bilan birga kompyuter tilini o‘rganish murakkablik qiladi va bunga ancha vaqt ketadi. Imtihonni yo‘nalishga moslashtirish kerak, masalan, tanlagan oliy ta'lim muassasa mutaxassisligi IT axborot texnologiyalari bo‘lsa, savol qo‘shsa bo‘ladi yoki alohida informatikadan 30ta savol qo‘ysa bo‘ladi. Agar mutaxassisligi iqtisod bo‘ladigan bo‘lsa, iqtisodchiga kompyuter tilini bilish muhim emas, matematikadan test savollari ichida informatikadan savol kiritilishining umuman keragi yo‘q. O‘qishga kirganidan keyin matematikadan analiz, tahlil qilishni o‘rganadi». 

Maktab o‘quvchisi Muhammadaliyev Ismoil:

11-sinf o‘quvchisiman, maktabda matematika darsidan tashqari tayyorlovga ham boraman. Avval maktab o‘quv qo‘llanmasi, litsey darsligi va 1996-2003-yillarda tushgan test savollari va mavzular to‘planmasidan misollar ishlaymiz.

Matematika fanidan test savollari ichida 5ta savol informatikadan tushadi deyilgan, men va o‘quv kursimdagi ko‘pchilik abituriyentlar bunga tayyorlanmayapmiz, chunki informatikadan test savollari imtihonda tushmasligi ham mumkin. Shuningdek, informatika fani matematika bilan bog‘liq emas, 5ta savolga javob topish uchun 6ta darslikni o‘qib chiqish murakkablik qiladi va bunga ulgurmaymiz ham.

Barcha yig‘ilib qolgan savollar yuzasidan Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Nurmonov quyidagilarni bildirdi:

«Abituriyent o‘zi bitirgan ta'lim muassasasi maktab, akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji o‘quv dasturida qaysi darslikdan o‘qigan bo‘lsa, o‘sha darslik bo‘yicha savol tushadi. Tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati DTM saytida berilgan. Shuningdek, saytdagi foydali ma'lumotlar bo‘limidan fan darsliklarini aniq bilib olishlari mumkin. Akademik litsey, kasb-hunar kollej va maktab darsliklari, hammasi ko‘rsatilgan.

Abituriyentlar hujjat topshirganidan keyin qaysi o‘rta maxsus ta'lim, ya'ni maktab, litsey yoki kollej bitiruvchi diplomiga qarab savollar ajratiladi.

Tarix fanidan xaritalar 6-11-sinfgacha yoki kollej va litseylarda ham o‘tiladi. Savol tartibi masalan, xaritada qayer ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘sha bo‘yicha biror hudud «qaysi joyda belgilangan, to‘g‘ri belgilangan javobni ko‘rsating»  kabi savollar bilan javobni aniqlaydi. Xaritada mavjud bo‘lgan ma'lumotdan savol tushadi, bunda xaritaga «belgilang, chizib bering»  degan shartlar bo‘lmaydi.

Ekspertlar abituriyentlarni chalg‘itadigan, ikkilantiradigan savollar tuzmaydi. Masalan,tarix fanini olib qaraydigan bo‘lsak, bir ma'lumot darsliklarda turlicha berilgan, hatto tarix rus tiliga tarjima qilingan kitobda ham ba'zi faktlar boshqa darslikdagidan farq qiladi. Shu bo‘yicha biz mualliflarni ham chaqirdik, ma'lumotlar tekshirilib, ekspertiza qilinmoqda. Talabga javob bermaydigan ma'lumot bo‘yicha test savollari tuzilmaydi. O‘quv muassasalarining o‘quv rejasi har xil bo‘lganligi sababli muammolar kelib chiqmoqda. Biroq, abituriyent o‘zi tamomlagan ta'lim muassasasining dasturidan tashqari bo‘lgan darsliklarga tayyorlanishining keragi yo‘q.

Matematika fanidan test savollari ichida informatikadan savollar tushmasin degan mazmundagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga va Prezident administratsiyasiga yuborganmiz, lekin hozir aniq javob yo‘q, chunki loyiha hali tasdiqlangani yo‘q. Tasdiqlansa, DTM saytida va OAVlarda e'lon qilamiz»,  —  deydi u.

Demak, mutaxassis aytganidek, abituriyentlar bemalol faqat o‘zlari tahsil olgan ta'lim muassasasidagi darsliklar bo‘yicha imtihonga tayyorlanishlari mumkin, oshiqcha vaqt sarflab boshqa darsliklarni o‘qishga hojat yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, tez kunlarda xaritalar bo‘yicha savol namunalari va kechikkan informatika savollari haqidagi taklif tasdiqlangani haqida xabar berilib qolsa, abituriyentlarning boshini qotirayotgan muammolar o‘z yechimini topadi deb umid qilamiz.

Farzona Nabiyeva

Mavzuga oid