Jamiyat | 19:06 / 30.05.2019
15582
7 daqiqa o‘qiladi

80 yashar otaxon hajga keta olmay ovora. Bunga kim aybdor?

Har yili O‘zbekistondan minglab fuqarolar haj safariga borib, Islom dinining farz amallaridan biri bo‘lgan ibodatni ado etib kelishmoqda. Davlat rahbari tomonidan bu borada keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, kvotalar soni yildan-yil oshirilayotgani bilan bir qatorda, fuqarolarning haj safariga ruxsat olishi bilan bog‘liq ba'zi masalalarda hamon turli muammolar uchramoqda.

Shunday muammolardan biri mehnat faxriysi, 80 yoshdan oshgan Abdukarim Azlarxodjayev bilan ro‘y bermoqda. U hajga borishni niyat qilib, 2014 yilning yanvar oyida o‘zi yashaydigan Shayxontohur tumani, «Shayxontohur» mahalla fuqarolar yig‘iniga ariza bergan edi. U ikki yil o‘tgach Toshkent shahrining Olmazor tumaniga, nabirasining xonadoniga ko‘chib o‘tadi.

Doimiy yashash manzili o‘zgargan A.Azlarxodjayev «Shifokorlar» mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilganida, mahalla raisi «Qoidaga ko‘ra, navbatda turgan mahallangizdan hajga borasiz», deb uning ism-sharifini tegishli ro‘yxat daftariga kiritmagan.

Shundan so‘ng, A.Azlarxodjayev eski mahallasiga, ya'ni Shayxontohur tumani «Shayxontohur» MFYga murojaat qilganida, mahalla raisi Nig‘mat Raimjonov «Men sizni qanday hajga yuboraman, Olmazor tumanida ro‘yxatda tursangiz!», deb gapni qisqa qilgan.

Shu yilning mart oyida «nahotki bu masalaning yechimi bo‘lmasa», deb Abdukarim aka bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasiga bordim. Navbatimiz kelganida, idora qorovuli bizdan «Nima gap, nima xohlaysizlar?», deb so‘radi. Dardimizni aytsak, qorovul yigit «haj safariga borish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etish mahalla fuqarolar yig‘inlari va mahalliy hokimliklarga berilgan», deb ushbu idoralarga murojaat qilishimizni tavsiya qildi. Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Olmazor tuman kengashida esa kotiba qizning «yaxshisi, ariza yozinglar», degan maslahatinigina eshitdik.

Abdukarim Azlarxodjayev aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Toshkent shahar hokimiga arizalar yo‘llagan.

Dastlabki javob xati Diniy qo‘mitadan keladi. Unda ta'kidlanishicha, «Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, «Mahalla» jamg‘armasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorlikda haj va umra ziyoratlariga borish istagida bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini xolisona va ijtimoiy adolat mezonlari asosida shakllantiradi hamda muqaddas haj ziyoratini tashkil kilishda belgilangan tartibga qat'iy amal qiladi». O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qarorining 4-bandida: «Haj» va «Umra» tadbirlariga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning doimiy yashash joyi o‘zgargan taqdirda, ularning avvalgi manzili bo‘yicha navbati saqlanib qolishi belgilab qo‘yilsin», degan tahririga muvofiq haj ziyoratiga boruvchilar ro‘yxati shakllanadi.

Ko‘rib turibsizki, qog‘ozda bir gap, amalda esa boshqa

O‘sha kezda A.Azlarxodjayevga Olmazor tumanidagi «Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi» boshqaruv raisining diniy-ma'rifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, o‘zini Hikmatov Samug‘ Sabirovich deb tanishtirgan kishi telefon qilib, bizni idorasiga taklif qildi.

Ochig‘ini aytsam, oldiniga juda ham quvonib ketdik. «Mana, nihoyat, masala hal bo‘ladi, tayyorgarlik ko‘ravering», deb Abdukarim akani tabrikladim ham. S.Hikmatov bilan salom-alikdan keyin, A.Azlarxodjayev yozgan arizalarni, shu bilan birga, me'yoriy hujjatlarni olib, bizga birma-bir o‘qib berdi. Suhbat yakunida u kishi bir varaq qog‘ozni A.Azlarxodjayevning qo‘liga tutqazib, «Boshqa arzim yo‘q», deb yozib berasiz, dedi. «Masala hal bo‘lmagan bo‘lsa, nega yozib beramiz?!», deb taajjublanib, hech narsa yozmasdan xayrlashdik.

Shu voqeadan ko‘p o‘tmay Olmazor tuman hokimidan javob xati keldi. Eng qiziq joyi shundaki, bu javob xatida fuqaro G.Zoidova familiyasi ko‘rsatilgan edi. Shundan ayon bo‘ldiki, shunga o‘xshagan xatlarning matni tayyor, ularning hammasi nusxa ko‘chirilgan holda arizachilarga yuborilmoqda.

Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyatida rahbariyat qabuliga yozilgandan buyon A.Azlarxodjayev hech qanday yangilik olgani yo‘q.

Savol tug‘iladi: poytaxtda yashab, besh yildan beri haj safariga bora olmayotgan 80 yoshli otaxon dodini kimga aytsin? Qolaversa, boshqalar, minglab yurtdoshlarimiz haj safariga qanday tartibda borishyapti? O‘zbekiston Prezidentining haj safari masalalariga doir qaror va farmoyishlarida qator davlat va jamoat tashkilotlari ko‘rsatilgan. Lekin ularning birontasi bu masalani hal qilib bermasa, buni qanday tushunish mumkin?

Toshkentda idorama-idora sarson bo‘lib yurganimizda, qo‘shni mamlakat bilan tijorat ishlari olib boradigan bir do‘stimiz «kelinglar, men Abdukarim akani Chimkent orqali hajga jo‘nataman, faqat pasportini bersangiz bo‘ldi», deb qoldi. Abdukarim aka esa «Yo‘q-yo‘q, Xudo o‘zi qachon chaqirsa, o‘shanda, albatta, o‘z yurtimdan borib kelaman muborak safarga», deb bu taklifni rad etdi.

Bugun mamlakatimizning barcha sohalardagi kamchiliklar birma-bir hal etilib, mavjud muammolar hal etilmoqda. Adolat mezonlari o‘rnatilmoqda. O‘ylaymizki, A.Azlarxodjayev muammosi ham adolatli yechim topadi. Biz esa, yaxshi niyat-la, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahimjon SULTONOV

Mavzuga oid