Jahon | 21:20 / 31.05.2019
20384
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga Suriyadan 171 bola qaytarildi 

Qozog‘iston “Jusan” maxsus gumanitar operatsiyasining navbatdagi bosqichi doirasida Suriyadagi jangovar harakatlar hududlaridan 171 bolani qaytardi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ma'lum qildi.

“Mening topshirig‘imga ko‘ra 28 maydan 31 maygacha “Jusan” operatsiyasining yakunlovchi 3-bosqichi o‘tkazildi. Suriyadan yurtdoshlarimizning navbatdagi guruhi qaytarildi. Qozog‘iston davlat tuzilmalarining ishi va xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlik evaziga jangovar harakatlar hududlaridan 171 bola qaytarildi”, deb aytilgan Toqayevning bayonotida. 

Bolalar Qozog‘istonga qaytarilgach maxsus moslashuv markaziga joylashtirilgan. Ular bu yerda reabilitatsiyadan o‘tishadi va barcha zaruriy yordamni olishadi.

Toqayev operatsiyaning barcha ishtirokchilari – maxsus xizmatlar xodimlari, diplomatlar, harbiylarga minnatdorlik bildirgan. 

O‘z navbatida Qozog‘iston prezidentining maslahatchisi Yerlan Karin o‘z Telegram-kanalida o‘tkazilgan operatsiya doirasida bolalar bilan birga 67 ayol ham evakuatsiya qilinganini ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan 156 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan O‘zbekistonga qaytarildi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid